Livandagi “Hizbulloh” terror guruhi Hoshim Safiyuddinni tashkilotning yangi bosh kotibi o‘laroq saylagan. Bu haqda arab nashrlari xabar qildi.
Oltmish yoshli Safiyuddin “Hizbulloh” asoschilaridan biri bo‘lib hisoblanib, u tashkilot ijroiya qo‘mitasi rahbari lavozimini egallab kelayotgan edi. Safiyuddin guruh lideri lavozimiga saylanguniga qadar “Hizbulloh”ning moliyaviy masalalari bilan shug‘ullanib kelgan. U 2017-yildan buyon AQSH tomonidan qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatida turadi.
Safiyuddin ona tomonidan “Hizbulloh”ning marhum lideri Hasan Nasrullohning qarindoshi va 2020-yil yanvarida Iroqda o‘ldirilgan Islom inqilobi posbonlari korpusi bo‘linmalaridan birining sobiq qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning kuyovi bo‘lib hisoblanadi.
Al Ghad nashri “Hizbulloh”ning avvalgi va yangi liderlari o‘rtasida hayratlanarli darajada o‘xshashlik borligiga e’tibor qaratgan.
“Hizbulloh” lideri Hasan Nasrulloh Isroil aviatsiyasining 27-sentyabr kuni Bayrutga hujumi chog‘ida halok bo‘lgan. Le Parisien nashri ma’lumotiga ko‘ra, Isroil Nasrullohning qayerda ekaniga oid ma’lumotni guruhga suqilgan eronlik agentdan olgan.
Arab mamlakatlaridagi qator jihodchi guruhlar va Rossiya Nasrullohning o‘ldirilishini qoralab chiqishgan. Qo‘shma Shtatlar Isroil harakatlarini dastaklagan.
“Hizbulloh” Livan janubidagi shia mazhabiga mansub aholi istiqomat qiluvchi hududlarning katta qismini nazorat qiluvchi qurolli guruh va siyosiy partiya bo‘lib hisoblanadi. AQSH “Hizbulloh”ni terror tashkiloti deb tan olgan, Yevropa Ittifoqi esa faqat uning harbiy qanotinigina terror tashkiloti deb tan olgan. “Hizbulloh” partiyasi Livan parlamentida o‘z tamsilchilariga ega.
AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhi Isroilga hujum qilgan 2023 yil 7-oktyabridan keyin “Hizbulloh” Isroil shimolida o‘t ochishni faollashtirgan. Natijada ayrim aholi punktlari evakuatsiya qilingan. Bunga javoban Isroil “Hizbulloh” mavqelari bo‘ylab zarbalar bera boshlagan.
To‘qnashuv “Hizbulloh” jangarilari peyjerlari va ratsiyalari portlagan shu yil sentyabridan keyin kuchayib ketgan. O‘shanda o‘nlab kishi halok bo‘lgan, uch mingga yaqin odam yaralagan. Guruh jihozlarga hujumda Isroilni ayblab chiqqan.