“Ma’no” tadqiqotchilik tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev O‘zbekistonga “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun zarur, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu qonun xorijdan kelayotgan pullar va axborot mustaqilligini ta’minlash uchun lozim.
Ergashevga ko‘ra, bu kabi qonunlar AQSH, Fransiya, Rossiya, Gruziya va Qirg‘izistonda mavjud. U qonun jazolash xarakteriga ega bo‘lmasligi, bor-yo‘g‘i moliyalashtirishda shaffoflikni ta’minlashi lozimligini ta’kidlagan.
Baxtiyor Ergashev yosh ekspertlar orasida bunday tashabbusga talab borligi, biroq uni ehtimoliy qabul qilish muddati noaniqligicha qolayotganini qayd etgan.
“Xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun postsovet o‘lkalari ichida birinchi bo‘lib Rossiyada qabul qilingan bo‘lib, u huquqbonlar va xalqaro jamoatchilik tomonidan rejim muxoliflari va o‘zgacha fikrlilarga qarshi qo‘llaniladigan repressiv qonun o‘laroq tanqid qilib kelinadi. Rossiya ortidan bu kabi qonun o‘tgan yilning avgust oyida Gruziyada ham kuchga kirgan. “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi bu qonun qabul qilinganidan keyin Tbilisida va mamlakatning boshqa shaharlarida fuqarolik jamiyati faollari va muxolifatchilarning norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab bo‘lgan.
Gruziyada “xorijiy agentlar”ga oid qonun qabul qilinganidan keyin Yevropa Ittifoqi uning muhtamal integratsiyasi jarayonini to‘xtatib, Tbilisiga 30 million yevro miqdoridagi harbiy yordamni muzlatib qo‘ygan. O‘sha paytda AQSH ham bu mamlakatga beriladigan 95 million dollarlik moliyaviy yordamni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.