Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktyabr kuni o‘tkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga doir yig‘ilishda Toshkent shahri drenaj tizimini tanqid qildi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev yaqinda yoqqan kuchli yomg‘ir haqiqiy ahvolni ko‘rsatganini qayd etarkan, poytaxt drenaj tizimi ishiga qat’iy e’tiroz bildirgan.
Drenajni to‘g‘rilashning o‘zi yetarli emasligi, suvni havzalarda to‘plash tizimini yo‘lga qo‘yib, daraxtlarni sug‘orishga ishlatish tavsiya etilgan.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi tuman hokimlariga joylarga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni “tepasida turib hal qilish” yuklangan.
Shahar hokimligiga yil yakunigacha drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirilgan.
Toshkentliklar bir necha yildan buyon kuchli yomg‘irdan keyin yo‘llarni suv bosishi muammosiga duch keladi.
Shahar va mamlakat rahbariyati suv toshqinlarining asosiy sababi 1960-yillarda barpo etilgan irrigatsiya va drenaj tizimining eskirgani bilan bog‘liq ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
Poytaxt yo‘l infratuzilmasi va drenaj tizimini modernizatsiya qilish uchun katta mablag‘ zarurligi aytiladi.