O‘zbekiston bog‘chalarida fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet o‘rtasida O‘zbekiston bog‘chalarida bepul fransuz tili o‘qitish bo‘yicha imzolangan kelishuv (MMTV fotosi)

O‘zbekistonda 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida Kokoro lingua platformasi yordamida bepul fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vazir Hilola Umarova Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet bilan bu borada kelishuv imzolagan.

Kokoro lingua 4-8 yoshdagi bolalarga chet tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan xalqaro onlayn ta’lim platformasidir. Darslar asosan video orqali, o‘yin formatida tashkil etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Nitssadagi Frankofoniya universiteti bilan pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha ham bitim imzolagan. Unga ko‘ra, 2025-yil davomida 200 nafar o‘zbekistonlik fransuz tili o‘qituvchilari grant asosida Fransiyaga malaka oshirishga yuboriladi.

Daryo.uz nashri qaydicha, O‘zbekistonda fransuz tili 600 ga yaqin maktabda xorijiy til sifatida, 100 ga yaqin maktabda esa ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi.

Mamlakat ta’lim vazirligi keyingi yillarda AQSH bilan ham ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Qo‘shma Shtatlar ko‘magida 10 mingdan ziyod maktab uchun yuqori sifatli ingliz tili darsliklari xarid qilingan, 15 ming nafar ingliz tili o‘qituvchisi malaka oshirish dasturlarida qatnashgan.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston xorijda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi egallagani haqida xabar qilgandi.

Ekspertlar xorijda o‘zbekistonlik talabalar soni ortib borayotgani chet tillarni o‘qitish ko‘lami kengayishi bilan ham bog‘liq ekanini aytadi.