O‘zbekistonda 2030-yilga qadar sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazilishi kerak.
Mamlakat prezidenti 14-oktyabr kuni imzolagan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” qarorda shu kabi talab va maqsadlar ilgari surilgan.
Ushbu hujjatda sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish, yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish, shuningdek, Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekistonni kuchli 50 talikka kirishiga erishish belgilangan.
2025-yil 1-sentyabrgacha esa loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratish topshirilgan.