O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasi sportchisi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Shohmurod Xolmurodov topshirgan doping sinamasida taqiqlangan “Klomifen” moddasi borligi aniqlandi.
Milliy antidoping agentligi ma’lumotiga ko‘ra, sportchi Butunjahon antidoping kodeksi talablarini buzgan deb topilib, 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilingan.
“Gazeta.uz” nashri qaydicha, sportchi mazkur moddani muolaja vaqtida bilmasdan qabul qilganini aytgan.
Shohmurod Xolmurodov Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarida kanoeda eshkak eshish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Qoidaga ko‘ra, diskvalifikatsiya qilingan sportchi jazo muddati tugagunga qadar milliy va xalqaro musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok eta olmaydi. Agar bu talab bajarilmasa, unga umrbod diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkin.
O‘zbekistonlik sportchining doping nazorati ortidan musobaqalardan chetlatilishi ilk bor kuzatilayotgani hodisa emas. 2022-yilda ayni shu sababga ko‘ra og‘ir atletikachi Maftuna Ismoilova va yunon-rim kurashchisi Sultonbek Elmuratov to‘rt yil muddatga bellashuvlarda qatnashish huquqidan mahrum qilingandi.
2018-yil dekabrida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempioni, “O‘zbekiston iftixori” Ruslan Nuriddinov ham vaqtincha sportdan chetlatilgandi.