Profilaktika inspektori eri Rossiyada bo‘lgan ayol bilan “don olishgan”

Illyustrativ surat

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Idaliqal’a mahallasi profilaktika inspektori o‘zi xizmat olib boradigan hududda yashovchi begona ayol bilan “don olishib” yurgani aniqlandi.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, IIB xodimi ushbu mahallada yashovchi, Rossiyaga pul topgani ketgan erkakning xotini bilan uning xonadonida uchrashib yurgan. U joriy yil 31-yanvar kuni yarim tunda navbatdagi “tashrifi” chog‘ida erning yaqin qarindoshlari tomonidan ushlab olingan.

Chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga kelgan IIB mas’ullari holatga oydinlik kiritish maqsadida profilaktika inspektori hamda guvohlarni IIB binosiga olib ketgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ushbu holat bo‘lganini tasdiqlab, hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, profilaktika inspektorini ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlari uchun IIO safidan bo‘shatish masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.

Ozodlik avvalroq Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida profilaktika noziri xotini, 7 oylik farzandi va o‘zini xizmat qurolidan otib o‘ldirgani haqida xabar qilgandi. O‘shanda hodisaga rashk sabab bo‘lgani aytilgandi.