Qirg‘iziston: Vazirlar Mahkamasi raisi Japarov iste’foga chiqdi

Aqilbek Japarov

Qirg‘izistonda 16-dekabr kuni Aqilbek Japarov Vazirlar Mahkamasi raisi lavozimidan iste’fo bergan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Manbalar qaydicha, u prezident ma’muriyati xodimlari va hukumat a’zolari bilan xayrlashgan.

60 yoshli Japarovning iste’fosi sababi rasman ochiqlanmagan.

Aqilbek Japarov Vazirlar Mahkamasi raisi va davlat rahbari administratsiyasi rahbari lavozimiga 2021-yilning oktyabr oyida kirishgan edi. U mazkur lavozimda uch yildan ko‘proq ishlab, Qirg‘iziston tarixida o‘z kursisida eng uzoq o‘tirgan bosh vazirlardan biriga aylandi.

2005-yilgacha parlament deputati bo‘lgan Aqilbek Japarov Lola inqilobidan keyin moliya vaziri, iqtisodiyot va savdo vaziri hamda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2010-yil aprelidagi inqilobdan so‘ng u “Or-nomus” partiyasidan deputat bo‘lib saylangan. Bir yil o‘tgach, koalitsion hukumatda moliya vaziri etib tayinlangan. 2015-yili Aqilbek Japarov “Bir Bo‘l” partiyasidan deputat bo‘lib saylangan.

Ozodlik qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, iste’foga chiqqan Aqilbek Japarov o‘rniga Vazirlar Mahkamasi raisi vazifasini Adilbek Kasimaliyev bajarib turadi.