Qozoq-o‘zbek chegarasida bojsiz hudud ochish taklif qilindi

O‘zbekiston va Qozog‘iston bayroqlari (illyustrativ surat)

Mang‘istau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasida boj olinmaydigan maxsus savdo zonasining tashkil etilishi ikki davlat tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mulozim bu taklifni 22-oktyabr kuni Samarqandda o‘tkazilgan ikki davlat hukumatlarining qo‘shma hududlararo forumida ilgari surgan.

Nurdaulet Qilibayga ko‘ra, Mang‘istau viloyatining ulgurji bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavot, meva va quruq mevalarning katta qismi Buxoro, Samarqand, Nukus va Sirdaryo dalalaridan keltiriladi.

“Tajen” bojxona posti orqali kuniga 250-300 ta fura o‘tadi, shundan o‘rtacha 25-30 tasi Mang‘istauga jo‘natiladi. Bu qariyb 11 ming tonna mahsulot degani.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki davlat bosh vazirlari Abdulla Aripov va O‘ljas Bektenov raisligida o‘tkazilgan xududlararo hamkorlik anjumani doirasida umumiy qiymati 352 million dollardan ortiq 76 ta hujjat imzolangan.

O‘zbekiston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 7 yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,5 barobar oshib, 2023-yilda 4,4 milliard dollarni tashkil etgan.

Ozodlik avvalroq Ostona va Toshkent o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish niyatida ekani haqida xabar qilgan edi.