Rossiyadagi YTHda yana o‘zbekistonlik qurbon bo‘ldi

Illyustrativ surat

10-noyabr kuni Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, M-5 federal trassasining 738-kilometrida ro‘y bergan avariya oqibatida 3 kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Ulardan birining o‘zbekistonlik bo‘lgani ma’lum, ikki marhumning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanmoqda.

Shuningdek, jarohatlangan ikki yo‘lovchi Penza viloyati Kuznetsk tumanlararo shifoxonasiga yotqizilgan.

Bosh konsullik halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga qaytarish va jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatishni nazoratga olganini bildirgan.

Penza viloyati Davlat avtomobil nazorati xizmatining aniqlik kiritishicha, 1970-yilda tug‘ilgan erkak boshqaruvidagi “KamAZ” va 1996-yilda tug‘ilgan erkak boshqaruvidagi“Cobalt avtomashinalari to‘qnashgan. Oqibatda Cobalt haydovchisi va uning ikki yo‘lovchisi (1980 va 1965-yilda tug‘ilgan erkaklar) vafot etgan. Yana ikki yo‘lovchi – 1995-yilda tug‘ilgan ayol va erkak (uning shaxsi aniqlanmoqda) shifoxonaga yotqizilgan.

Ozodlik avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati hududida ro‘y bergan YTH oqibatida O‘zbekistonning olti fuqarosi halok bo‘lgani, yana to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilgandi.

Daryo.uz nashri hisob-kitobiga ko‘ra, 2017-2022-yillar orasida Qozog‘iston va Rossiyada ro‘y bergan avtoavariyalarda 80 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan.