Gruziya poytaxti Tbilisi markazidagi “Ozodlik maydoni”da 20-oktyabr kuni muxolifat partiyalari tarafdorlarining mitingi bo‘lib o‘tdi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, unda 40 ming nafardan 50 ming nafargacha kishi ishtirok etgan. Miting “Gruziya Yevropa Ittifoqini tanlaydi” degan shior ostida bo‘lib o‘tgan.
Dastlabki kelishuvga muvofiq, mitingda muxolifat liderlari chiqish qilishmay, minbarni jamoat arboblari, shoir va qo‘shiqchilarga bo‘shatib berishgan. Notiqlar o‘z chiqishlarida yig‘ilganlarni va mamlakatning barcha fuqarolarini 26-oktyabr kungi parlament saylovida rossiyaparast deb atalayotgan “Gruziya orzusi” partiyasini hukmronlik maqomida mahrum qilish hamda “Gruziyani yevropacha rivojlanish yo‘liga qaytarish” uchun muxolifatdagi to‘rtta partiyadan biriga ovoz berishga chaqirishgan.
“Ozodlik maydoni”dagi mitingda mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili ham nutq so‘zlagan. U ko‘p ming kishilik saylovoldi mitingini unutilmas tarixiy voqea, deb atagan. Bundan tashqari, Zurabishvili Moldova prezidenti Mayya Sanduga “Moldovaning yevropacha kelajagiga oid referendumda g‘alaba” tilagan hamda nafaqat Ukrainaning, balki Gruziyaning ham “yevropacha kelajagi uchun kurashayotgan” Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga minnatdorlik bildirgan.
Bo‘lajak parlament saylovida mamlakatni 2012-yildan beri boshqarib kelayotgan “Gruziya orzusi”ga qarshi Mixail Saakashvilining “Birdamlik — Milliy harakat” partiyasi hamda “Kuchli Gruziya”, “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” va “Gruziya uchun” kabi yana uchta muxolifat birlashmasi kurash olib boradi.
Ijtimoiy so‘rov natijalariga muvofiq, agar saylov chog‘ida muxolifatning to‘rtala birlashmasi ham besh foizli to‘siqdan o‘tishsa, bo‘lajak parlamentda muxolifat kuchlari birgalikda 50 foizdan ko‘proq mandatga ega bo‘lishlari va yangi koalitsion hukumat tuzishlari mumkin bo‘ladi.