Toshkent shahri joriy yilning 28-yanvar kuni havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha dunyodagi yirik shaharlar orasida yana birinchi o‘ringa chiqdi.
Mahalliy nashrlarning IQAir portali tahlillariga tayangan holda xabar qilishlaricha, coat 14:23 holatiga ko‘ra, Toshkent havosida mayda PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 206 mkg/m³ ni tashkil etgan. Bu JSST tomonidan tavsiya etilgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan 41,2 baravarga ko‘p.
Bunday ob-havo sharoitida aholidan zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, surunkali nafas olish yo‘llari kasalliklariga chalingan fuqarolar tibbiy niqoblardan foydalanishi tavsiya qilinadi.
IQAir ko‘rsatkichi 100 dan yuqori bo‘lsa, salomatlik uchun zararli, 200 dan yuqori bo‘lsa, juda zararli deb baholanadi.
O‘zbekiston poytaxtida havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha aksilrekord bir yil avval ham qayd etilgandi.
IQAir portaliga ko‘ra, 2024-yilning 21-fevral kuni Toshkent havosida PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 171 mkg/m3 ni tashkil etgan. Jahon banki hisobotiga muvofiq, Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etadi.
Avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bosh prokuraturadan Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishi yuzasidan tezkor chora ko‘rishni so‘ragandi. BP ushbu so‘rovga javoban qanday chora ko‘rgani ma’lum emas.