Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi

Toshkentda ochilgan Amerika texnologiyalar universiteti binosi (edu.uz fotosi)

Toshkent shahrida joriy yilning 1-oktyabridan Amerika texnologiyalar universiteti faoliyat boshladi.

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi oliy ta’lim muassasasi AQSHning “Cintana Education” kompaniyasi va “Times Higher Education” reytingida 182-o‘rinni egallab kelayotgan Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda ochilgan.

Qayd etilishicha, mazkur oliy ta’lim dargohida muhandislik, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

2024/2025-o‘quv yilida universitetda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichida o‘qish tashkil etiladi.

Vazirlik ma’lumotiga qaraganda, bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi beriladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti joriy yil iyul oyida mazkur universitetni tashkil etishga doir qaror imzolagandi.

OTM Toshkent shahri Beshyog‘och ko‘chasidagi binoga ijara asosida joylashtiriladi. Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabriga qadar universitet kampusini qurish uchun poytaxt hududidan yer maydoni ajratilishi lozim.

O‘zbekistonda 30 ga yaqin xorij universiteti va filiali mavjud. Xususan, Toshkentda 2019-yildan beri AQSHning Vebster universiteti faoliyat yuritib keladi.