O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyadagi o‘zbekistonliklardan jamoat joylarida xushyorlikni oshirish va ehtiyot choralarini ko‘rish, ayniqsa aeroport, temiryo‘l vokzali, avtoshohbekat, kemalar stansiyalarida, metro va boshqa jamoat transportida xavfsizlik qoidalariga amal qilishni so‘radi.
Bosh konsulxona bu bayonotni Turkiya Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan maslahatlashuv o‘tkazilgani ortidan bergan. Unda turk politsiyachilari o‘zbek diplomatlariga 23-oktyabr kuni Anqara shahrida sodir etilgan terror hujumi sababli va xavfsizlik nuqtayi nazaridan Turkiyaning barcha hududlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari kuchaytirilganini ma’lum qilishgan.
Ozodlik avvalroq chorshanba kuni Anqaradagi TUSAŞ shirkati binosiga uyushtirilgan hujum paytida 5 kishi nobud bo‘lgani, 20 chog‘li odam jarohat olgani haqida xabar qilgan edi.
Turkiya Rossiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya kabi o‘zbekistonliklar eng ko‘p ishlaydigan mamlakatlardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Bosh konsulxona xabarnomasida yana Turkiyadan chiqib ketish arafasida bo‘lgan o‘zbekistonliklarga aeroportlarga qayddan o‘tish vaqtidan kamida 1 soat oldin yetib borish, shubhali buyumlar va shaxslar to‘g‘risida yaqin oradagi politsiya yoki xususiy xavfsizlik bo‘linmalari xodimlariga xabar berish tavsiya etilgan.