Xitoy Andijonda avtomobil zavodi qurmoqchi

“Faw Trucks” shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan yuk mashinalari (Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati fotosi)

Xitoyning “Faw Trucks” kompaniyasi Andijon viloyatida yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish niyatida.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, umumiy qiymati 100 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida har yili 10 ming dona yuk tashuvchi avtomobil ishlab chiqarish rejalangan.

Hokimlik xabarnomasida loyihada O‘zbekiston va Xitoy tomoni ulushi qancha ekani, zavod qurilishi uchun sarflanayotgan mablag‘ kreditmi yoki sarmoyami kabi masalalarga oydinlik kiritilmagan.

“Faw Trucks” kompaniyasi rahbariyatining Andijonga tashrifi mobaynida zavod qurilishini noyabr oyidan boshlashga kelishilgan.

“Faw Trucks” saytida berilgan ma’lumotlarga qaraganda, shirkat 2019-yilda 3,5 million dona avtomobil ishlab chiqarib, 6,3 milliard dollar daromad qilgan.

Shirkat o‘zini dunyoda va Xitoyda yuk avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri sifatida taqdim etgan.