Yaponiya parlamenti yangi bosh vazir nomzodini tasdiqladi

Sigeru Isiba

Yaponiya parlamenti hukmron Liberal-demokratik partiya rahbari Sigeru Isibani mamlakatning yangi bosh vaziri o‘laroq tasdiqladi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar qildi.

Isibaning salafi Fumio Kisida korrupsiya doxil mojarolar manzarasida iste’foga ketgan. U Liberal-demokratik partiya lideri va bosh vazir lavozimida uch yil ishlagan – bu vaqt ichida uning reytingi 50 foizdan 16 foizgacha pastlab ketgan. Kisida reytingi bilan birga Ikkinchi jahon urushdan buyon Yaponiyada qariyb doim hokimiyat tepasida bo‘lib kelgan Liberal-demokratik partiyaning reytingi ham pasaygan.

Isiba Kisida siyosatini davom ettirib, deflyatsiyaga qarshi kurashish, maoshlar oshirilishiga erishish, tug‘ilish kamayishining oldini olish, aholi soni kamayishini to‘xtatish va Yaponiyaning tabiiy ofatlarga nisbatan bardoshliligini oshirishni va’da qilgan.

Avvalroq u NATOning Osiyo versiyasini barpo etib, mintaqaviy hamkorlar va AQSH bilan Amerika yadroviy salohiyatidan foydalanish masalasini ko‘proq muhokama qilishni taklif qilgan edi.

Isiba yangi Vazirlar mahkamasi jamiyat tomonidan “imkon qadar tezroq” qo‘llab-quvvatlanishi uchun 27-oktyabr kuniga muddatidan ilgari parlament saylovini belgilashi kutilmoqda. Muxolifat bu qarorni “shoshqaloqlik bilan olingan” deya tanqid qilmoqda: chunki, muxolifatchilar fikricha, parlament va saylovchilarda Isiba siyosatini o‘rganish va muhokama qilish uchun juda oz vaqt bo‘ladi.

So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, Kisidaning muvaffaqiyatsizliklariga qaramay, Liberal-demokratik partiya yaponiyaliklar orasida hali ham eng ko‘p qo‘llovga partiyadir. Muxolifat tarafdorlari LDP tarafdorlaridan ancha kam. Ayni paytda so‘ralgan saylovchilarning katta qismi anchadan buyon hech kimni qo‘llamay qo‘ygan.