Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:07

Putin kuychisi yangi ashula chiqardi


YouTube ga qo‘yilgan rolik “Tolibjon Qurbonxonovning avvalgi “VVP” trekidagi mavzuning davomi sifatida”, deya taqdim qilindi.
YouTube ga qo‘yilgan rolik “Tolibjon Qurbonxonovning avvalgi “VVP” trekidagi mavzuning davomi sifatida”, deya taqdim qilindi.

Tojik qo‘shiqchisi Tolibjon Qurbonxonov Rossiyaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Putinga bag‘ishlab yana bir qo‘shiq aytdi. Tolibjonninng “VVP” deb nomlangan birinchi qo‘shig‘i Rossiyada munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

Tojikistonlik Tolibjon Qurbonxonov Rossiyaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Putin tarafdorlarini o‘z “ijodi” bilan xursand qilishda davom etmoqda.

Putinning eng asosiy madhiyachilaridan biriga aylanib borayotgan Qurbonxonov 30 aprel kuni Youtube portalida VVP ga bag‘ishlangan ikkinchi qo‘shig‘ini e‘lon qildi.



Dushanbelik xonandaning “VVP”sini tinglagan rossiyaliklarga ko‘ra, Qurbonxonovning Putinga bag‘ishlab kuylagan bu qo‘shig‘i aks natija bergan edi. Aksar tinglovchilar balandparvoz so‘zlar bilan, biroz beo‘xshov yozilgan bu qo‘shiq shu yilning 4 martida bo‘lib o‘tgan prezident saylovi oldidan Vladimir Putinga qarshi yozildi, degan fikrni bildirgan.

REN-TV kanalidagi Marianna Maksimovskaya ko‘rsatuviga taklif etilgan Qurbonxonov boshlovchining “VVP” qo‘shig‘i bilan siz Putinni qo‘llayapsizmi yoki unga qarshimisiz?”, deya bergan savoliga "qochirimli" javob qaytardi.

- YouTube, menimcha erkin fikr bildirish maydonchasi. Men avvaliga siyosatdan tashqarida bo‘lmoqchi edim. Bu savolingizga javob olish uchun bu rolikni yana bir bor yaxshilab tinglab ko‘ring, deya tavsiya qildi Maksimovskayaga Tolibjon.

Shundan keyin u madhiya shinavandalari uchun yana bir “syurpriz” tayyorlanayotganini bildirgan edi.

Birinchi qo‘shiq Vladimir Vladimirovich Putin ishora o‘laroq, “VVP” deya atalgan bo‘lsa, bunisi undanda jo‘nroq – “Xudoyim, Vladimir uchun o‘zinga shukr!” deb nomlanadi.

YouTube ga qo‘yilgan rolikning ostiga “Tolibjon Qurbonxonovning avvalgi “VVP” trekidagi mavzuning davomi sifatida”, deyiladi. Bu safar tojikistonlik xonanda Rossiyadagi saylovlar natijalaridan mamnun ekanligini bildiradi.

Buning ustiga, u Vladimir Putinga o‘zining shaxsiy munosabatini ham yashirmaydi.

Yosh bolaligimda uni birinchi marotaba ko‘rib qoldim,
O‘sha damdan unga o‘xshashni istayman.

Men uning ilohiy qudratiga shubha qilmay qo‘ydim.
Uning yuqoridan berilgan g‘alabasini istardim,
deya kuylaydi madhiya ustasi Tolibjon Qurbonxonov.

Tolibjon Putinning ilohiy shaxs ekaniga zarracha shubha qilmasligi, xudojo‘y odamlar uni yaxshi tushunishini kuylaydi.

Biroq, chuqur falsafiy mazmunga ega bu videoklipning “Men uning ilohiy qudratiga shubha qilmay qo‘ydim”, satrlari kuylanayotgan qismida negadir Bolotnaya maydonida Putin va u boshqarayotgan hukumat siyosatiga qarshi o‘tkazilgan muxolifat kuchlarining ommaviy yurishlaridan olingan kadrlar ko‘rsatiladi.

Siyosatdan "yiroq" bo‘lgan Tolibjon o‘tgan yilning 10 dekabrida Bolotnaya maydonida Rossiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida qonunbuzarliklarga qarshi rossiyaliklarning norozilik chiqishini tojik qo‘shiqchisi Putin tarafdorlari chiqishi, deb hisoblagan bo‘lsa ajab emas.

Zero “Juliki i vorы - vernite vыborы!”, ya‘ni “Qalloblar va o‘g‘rilar – saylovni qaytaring!”, deb yozilgan yozuv Qurbonxonning “qahramoni va kumiri” Vladimir Putinga qaratilgan edi.

Bu qo‘shiqning yana bir to‘rtligi e‘tiborga molik:

Uning dushmani ko‘p – ular mamlakat dushmanlaridir,
Ular Rossiyani parchalamoqchi edi, lekin uddasidan chiqolmadi.

“Siyosiy jihatdan to‘g‘ri fikrlayapsiz, o‘rtoq!”, degan bo‘lar edi yana bir Vladimir, faqat Lenin. “Kim biz bilan bo‘lmasa, demak bizga qarshi” qabilida gapirilgan bu gaplar sovetlar davridagi KPSS yakkahokimligi davrida o‘rinli bo‘larmidi...

Lekin tojik qo‘shiqchisi sho‘‘rolar davrini nostalgiya bilan eslayotgan odamlarning fikrini bildirgan bo‘lsa ham ajablanishning hojati yo‘q: uningcha, davlat rahbariga qarshi chiqqan har bir shaxs, so‘zsiz, xalq dushmanidir.

Nihoyat, qo‘shiqning ikkinchi naqoratida Yaratganga Vladimir uchun rahmat aytilganidan keyin, Tolibjon o‘zi bildirgan “fikrlarini qo‘llab – quvvatlovchilar” ko‘payib borayotganidan behad xursandligini izhor etadi.

Bu yerda uning bu fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q...

YouTube portalida tomoshabop roliklardan biriga aylanish ehtimoli yuqori bo‘lgan bu qo‘shiq allaqachon muhlislarning qiziqishini o‘ziga tortmoqda.

Kimdir uni VVPga sig‘ingani uchun Pussy Riot guruhiga o‘xshab sudga tortishni taklif etsa, “Yaeta” ismli sharhlovchi “Biz qo‘shiqni tingladik. Endi Tolibjon bizga ma‘naviy zararni qoplashi kerak”, deb yozadi.

Aytish joyizki, bu Vladimir Putinga bag‘ishlangan yagona qo‘shiq emas.

Kuzatuvchilar Qurbonxonovning bu “syurprizi” 7 mayga Moskvada belgilangan Rossiya prezidenti inauguratsiyasi oldidan Vladimir Putinning usiz ham past reytingiga jiddiy putur yetkazadi, degan fikrni bildirishmoqda.

--------------
Ozodlik T.Qurbonxonov qo‘shig‘ining o‘zbekchaga tarjimasini e‘tiboringizga havola etadi:

Xudoyim, Vladimir uchun senga shukurlar bo‘lsin!

Hammamizning qalbimizda bir qahramon yashaydi,
Gohida biz unga o‘xshashni istaymiz.

Bolaligimda Uni ilk bora ko‘rib qoldim,
O‘sha ondan beri men unga o‘xshashni istayman.

Ko‘pdan uning ilohiy qudratiga shubha qilmayman.
Uning Ko‘klardan yuborilgan g‘alabasini istadim.

Xudoga ishonuvchilar buni yaxshi biladi -
Ko‘kdagilar hammani bu ishga tanlamaydi.

Naqorat:

Xudoyim, Vladimir uchun senga shukurlar bo‘lsin!
Mening qahramonim va kumirim uchun shukur!
Men uning barcha istaklari amalga oshishi,
Sog‘ligi uchun qadah ko‘taraman.
(ikki marotaba takrorlanadi)

U mamlakat tepasida – shunday bo‘lmog‘i kerak.
Buyuk xalqga loyiq buyuk mukofotdir bu.

U bilan birga bo‘lsak, demak to‘g‘ri yo‘lni tanladik,
Buni esa biz keyinroq anglab yetamiz.

Uni qadrlang va har bir lahzani,
U qilayotgan barcha narsalar – yaxshilik uchun.

Uning dushmanlari ko‘p – ular mamlakat dushmanlari,
Rossiyani parchalamoqchi bo‘ldilar, lekin eplay olmadilar.

(Naqorat)

Xudoyim, Vladimir uchun senga shukurlar bo‘lsin!
Mening qahramonim va kumirim uchun shukur!
Bu olamda uni sevgan bitta o‘zim emasman!
Bunaqalar kundan-kunga ko‘payib bormoqda!
XS
SM
MD
LG