Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:03

O‘zbekiston safdoshi bittaga kamaydi - Kuba “chiqish vizasi”ni bekor qildi


Kubada 14 yanvardan boshlab fuqarolar xorijga safar qilishi uchun maxsus ruxsat — “chiqish vizasi”ni olish tartibi bekor qilindi. Biroq, taniqli sportchilar, davlat sirlaridan xabardor rasmiylarning xorijga chiqishi uchun cheklov saqlab qolindi.

Kubada fuqarolarga xorijga safar qilish uchun “chiqish vizasi” olish tartibi bekor qilinganini Migratsiya idorasi rasmiysi polkovnik Lamberto Fraga televideniye orqali e‘lon qildi.

Kuba rahbari Raul Kastro chiqish vizasini bekor qilish haqidagi qonunni 2012 yil 16 oktyabr kuni imzolagan edi.

Yangi qonunda, shuningdek kubaliklarning xorijda qolishiga qonunan berilgan muxlat 11 oydan 24 oyga uzaytirildi.

50 yildan beri fuqarolarning xorijga chiqishi qattiq nazorat qilib kelingan Kubada fuqarolar chiqish vizasini mahalliy migratsiya idoralaridan olar edi.

2013 yil 14 yanvargacha amal qilgan eski tartibga muvofiq xorijga chiqmoqchi bo‘lgan kubaliklar maxsus ruxsat olish uchun mamlakatdagi o‘rtacha bir oylik ish haqidan 15 barobar ko‘p, ya‘ni 300 AQSh dollari miqdorida pul ham to‘lar edi.

Hozir yangi pasport olmoqchi bo‘lgan kubaliklar uchun to‘lov ham 100 dollarga tushirildi.

Ayni paytda, Kuba hukumati taniqli sportchilar, davlat sirlarini biladigan shaxslar, ishi tergovda bo‘lgan odamlar va kasbi “davlat uchun o‘ta muhim hisoblangan” fuqarolarning xorijga chiqishi uchun joriy qilgan cheklovni saqlab qoldi.

Ammo, Kuba hukumati davlat uchun o‘ta muhim hisoblangan kasblar ro‘yxatini hozircha e‘lon qilmadi.

Yangi qonun kuchga kirguncha o‘n minglab shifokor chet elga chiqish vizasini ololmagan.

Oliy ma‘lumotli kubaliklar xorijga chiqishi uchun ular ishlayotgan sohaga mutasaddi bo‘lgan vazirlik bilan kelishishi kerak edi.

1959 yilda Kubada inqilob amalga oshganidan keyin qariyb ikki million odam mamlakatdan chiqib ketgani aytiladi.

Xorijga borish uchun fuqarolariga chiqish vizasi tartibini o‘rnatgan yana ikki davlat muntazam tanqid ostida qolib kelmoqda.

Bulardan biri bo‘lgan Shimoliy Koreya o‘z fuqarolari uchun qamoqxona sifatida ko‘riladi.

Yana biri bo‘lgan O‘zbekiston ham fuqarolariga xorijga chiqish uchun rasmiy ruxsat olishni shart qilib qo‘lgan davlat bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda chiqish vizasi olish uch haftaga qadar vaqt ketadi.

O‘zbekistondagi siyosiy faol fuqarolarga ba‘zida hech qanday sababsiz chiqish vizasi berilmagan holatlar mavjud.

Huquqshunoslarga ko‘ra¸ o‘z fuqarolariga chiqish vizasi berish amaliyoti O‘zbekiston konstitutsiyasida kafolatlangan harakat erkinligi tamoyiliga ziddir.
XS
SM
MD
LG