Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 01:44

Shved sudi o‘zbeklarning 275 million dollarini muzlatishni buyurdi


Stokholm mintaqaviy sudi O‘zbekiston fuqarolariga qarashli Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd. firmasining 1,8 milliard shved kronasiga (275 million AQSh dollari) teng mablag‘ini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Gulnora Karimovaning gumashtasi ekani aytiladigan Gayane Avakyanga tegishli Takilant firmasi katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera telekom shirkatining O‘zbekistondagi hamkori hisoblanadi.

Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera O‘zbekistonda ish bolash uchun prezident qiziga yaqin shaxslarga pora berganini iddao qilmoqda.

O‘tgan yilning oktyabrida Stokholm sudi Gulnora Karimova nazorat qilishi aytiladigan Takilant firmasining Shvetsiya banklaridagi 30 million AQSh dollariga teng hisob raqamlarini muzlatgan edi.

Shvetsiya prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler Ozodlik bilan suhbatda, Stokholm sudi 22 yanvar kuni Takilant Ltd. firmasiga qarashli 1,8 milliard shved kronasi (275 million AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ini muzlatish to‘g‘risida hukm chiqarganini tasdiqladi, lekin bu jarayon qanday amalga oshirilishini izohlashdan bosh tortdi.

- Ha, sud bu haqda hukm chiqardi. Bu odatdagi tergov jarayoni bo‘ladi. Uni an‘naviy tarzda olib boramiz. Lekin qo‘yiladigan qadamlar yuzasidan jamoatchilikka ma‘lumot bermaymiz, dedi prokuror.

Kuzatuvchilar Shvetsiya rasmiylari Takilantning qo‘shni Shveytsariyadagi bank hisob raqamlarini muzlatishi mumkin demoqda. Bundan tashqari TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi UCell mobil operatorining Takilant Ltd.ga qarashli 6 foizlik ulushi ham muzlatilishi mumkinligi aytilmoqda.

TeliaSonera 2007 yil iyul oyida O‘zbekistondagi Coscom uyali aloqa operatori ulushlarining 74 foizini qariyb yarim milliard AQSh dollariga sotib olgan edi. Keyinchalik Ucell deya nomi o‘zgartirilgan shirkatning 26 foiziga egalik qilgan Takilant Ltd. shirkati yana 20 foizlik ulushni 2010 yilda 320 million AQSh dollariga sotgan.

Shvetsiya prokuraturasi o‘tgan oyda ochiqlagan TeliaSonera ijrochi mulozimlari o‘rtasidagi imeyl yozishmalariga ko‘ra, Takilant Ucell shirkatining qolgan 6 foiz ulushini o‘tgan yilning aprelida 85 million AQSh dollariga sotishga uringan. Lekin o‘sha paytda Shvetsiyada Ucell mobil operatori O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘z mijozlariga oid ma‘lumotlarni bergani bilan bog‘liq janjalning chiqishi ortidan bu amalga oshmay qoladi.

Stokholm sudining seshanba kungi qarori, o‘tgan hafta Shvetsiya Oliy sudi TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda pora bergani bilan bog‘liq ishning Shvetsiya huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov qilinishiga ruxsat berishi ortidan qabul qilindi. Oliy sudning 16 yanvar kungi hukmi bilan TeliaSonera ishi bo‘yicha Shvetsiya tashqarisidagi shaxslarning ham tergov qilinishiga yo‘l ochildi.

Shvetsiya prokurori Gunnar Stetler mamlakat tashqarisidagi pora olganlar, deganda kim nazarda tutilayotganini aniqlashtirishdan bosh tortdi. Lekin Ozodlik muxbirining O‘zbekiston fuqarolari Gayane Avakyan, Behzod Ahmedov va Alisher Ergashevlar TeliaSonera shirkatidan pora olganlikda gumonlanayotganlar ro‘yxatida qolmoqdami, degan savoliga “ha”, deb javob berdi.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun prezident Islom Karimovga yaqin shaxslar, xususan Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganiga oid ayblovlar ilk bor o‘tgan yilning sentyabr oyida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi namoyish qilgan “TeliaSonera – o‘zbek ishi” nomli hujjatli filmda ilgari surildi.

O‘tgan oyda shved jurnalistlari “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli navbatdagi surishtiruv reportajini efirga berdi.
XS
SM
MD
LG