Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:22

Bolasini 35 ming rublga sotgan ayol sudlanmoqda


Samarada o‘z bolasini 35 ming rublga pullagan 17 yoshli ayol sud mahkamasiga tortildi. Politsiyachilarga bu pulni u soxta Rossiya pasportini sotib olishga sarflashini aytgan.

2012 yilning 13 avgustida Samarada o‘zining 4 oylik qizchasini sotayotganida politsiya xodimlari tomonidan hibs etilgan 17 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ishi jinoiy sudda ko‘rib chiqiladi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Privoljsk boshqarmasi boshlig‘i muovini Dmitriy Zaxarovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, politsiya Samarada bir ayolning o‘z farzandini sotishga urinayotgani to‘g‘risidagi ma‘lumot olinishi bilan maxsus operatsiya tayyorlagan.

- O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol o‘z bolasini 35 ming rublga sotayotgani to‘g‘risida xabar oldik. Bu pulga u soxta Rossiya pasportini sotib olmoqchi bo‘lgan ekan. Jinoyat to‘g‘risida xabarni olgach, tegishli maxfiy idoralar yordamida maxsus operatsiya tayyorlandi, unda Ichki ishlar organlari xodimi xaridor sifatida ishtirok etdi. Qo‘lga olinganida bu ayol 17 yoshda, ya‘ni voyaga yetmagan bo‘lgan. Shunga qaramasdan, bu jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi aniq. Kuni kecha tergov o‘z yakuniga yetdi va biz ishni sudga oshirdik, dedi tergov qo‘mitasi rasmiysi Dmitriy Zaxarov.

Zaxarovning so‘zlariga ko‘ra, Samaraning daryo porti vokzali yonida oldi-berdi amalga oshganidan keyin, bu qiz hech narsa bo‘lmagandek pulni olib, jo‘nab ketayotganida hibsga olingan. Bu ayol avvaliga o‘zini Qirg‘iziston fuqarosi deb tanishtirgan, biroq keyinroq u o‘zbekistonlik ekani aniqlangan.

Nima sababdan 17 yashar o‘zbekistonlik ayol bunday jinoyatga qo‘l urdi? Bu savolga javob berar ekan, tergovni olib borgan Samara shahar transportidagi Tergov bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Igorь Ziryayev bu qiz 7-8 yil oldin Rossiyaga kelib qolganini aytadi.

- U onasi bilan vaqtinchalik viza asosida ishlashga kelib qolgan. Vizasi yarim yilga berilganiga qaramasdan noqonuniy qolib ketgan Rossiyada. Ona-bola turli noqonuniy ishlab chiqarish korxonalarida tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Bolani sotayotganini ona bilmagan, chunki u o‘zining hayoti bilan yashagan, bu qiz esa 15-16 yoshidan boshqa odam bilan nikohdan o‘tmasdan yashab yurgan. Ya‘ni ular orasida deyarli qarindoshchilik munosabatlari bo‘lmagan: ona o‘z ishi bilan, qiz – o‘zining hayoti bilan yashagan, deydi Igorь Ziryayev.

Tergovchidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayolga nisbatan Rossiya Federatsiyasi jinoyat Kodeksining 127.1-moddasi 2-qismi “z” bandi (odam savdosi) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu modda asosida Jinoyat Kodeksida 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Ozodlik manbasi 1994 yilda tug‘ilgan bu qizning ismi Saodat G‘aynazarova ekani va u hozirda Samara shahar tergov izolyatorida sudni kutib o‘tirganini ma‘lum qildi.

Ozodlik tergovchilardan ona tomonidan 4 oyligida sotib yuborilgan qizchaning keyingi taqdirini bilishga urinib ko‘rdi.

Samara shahar transportidagi Tergov bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Igorь Ziryayev bola endilikda boshqa oilaga berib yuborilishi, chunki ona aniq qamoq muddatiga mahkum etilishini gapiradi.

- Xabarovsk o‘lkasidagi aynan shunday jinoiy ish bo‘yicha bir ayol 3,5 yil oldi. Bu qizimiz voyaga yetmaganligini hisobga olsak, unga kamroq berishlari mumkin.

Lekin nima bo‘lganda ham, u ozodlikka chiqmaydi. Bundan tashqari, o‘z muddatini o‘tirib chiqib, u O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi. Bolacha hozir vrachlar nazorati ostida bolalar uyida qolmoqda. Unga albatta oila topiladi, degan ishonchdamiz.
Uylaymanki, onasidan baxtliroq bo‘ladi bu qizcha, dedi tergovchi Igorь Ziryayev.

“Achinarlisi, u tergov davomida biror marotaba ham farzandiga nima bo‘lgani va u hozirda qayerda ekanini so‘ramadi”,- deya afsuslandi tergovchi.

Ozodlik o‘z farzandlarini sotishga uringan o‘zbekistonliklar haqida oldin ham xabar bergan.

O‘tgan yilning may oyida Moskvaning Chertanovo tumanida yangi tug‘ilgan chaqaloqni 150 ming rublga sotayotgan qirg‘izistonlik ayol va o‘zbekistonlik erkak hibsga olingan; 2011 yilning 22 martida soat 11 larda Krasnogorsk shahrida joylashgan “Ashan” gipermarketidagi oziq-ovqat aravachasida 7 oylik Amirjon To‘xtayev tashlab ketilgani, Leningrad viloyati Roshchino qo‘rg‘onida o‘zbek millatiga mansub erkak axlat konteyneriga bir oylik chaqaloqni tashlab ketgan.
XS
SM
MD
LG