Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

Toshkentda so‘kong‘ich hokim so‘kkanidan "kalla yedi"


Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Chirchiq hokimini boshi bilan urgan Shuhrat Nazarovni raqibiga "kalla qo'ygan" taniqli futbolchi Zinedin Zidanga qiyoslashmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Chirchiq hokimini boshi bilan urgan Shuhrat Nazarovni raqibiga "kalla qo'ygan" taniqli futbolchi Zinedin Zidanga qiyoslashmoqda.
“Toshviltransterminal” uyushmasi departamentining paxta terimchilarini avtobuslar bilan ta‘minlash vakili Chirchiq tumani hokimini urdi. Voqea guvohlarining aytishicha, hokim avtobuslarni vaqtida hasharchilarga yetkazib bermagani uchun vakilni haqorat qilgan va u bu tahqirga chiday olmay hokimga kalla qo‘yib, burnini sindirgan.

“Toshviltransterminal” yuk va yo‘lovchilarni tashish uyushmasi departamentining paxta terimi hasharchilarini avtobuslar bilan ta‘minlash bo‘yicha vakili Shuhrat Nazarov 22 sentabr kuni Chirchiq tumani hokimi Furqat Xayrullayevga kalla qo‘yib, burnini sindirgan.

Ozodlikning Chirchiqdagi manbasiga ko‘ra, janjal tuman hokimligi binosi oldida ro‘y bergan:

- Bu voqea ko‘pchilikning oldida bo‘lgan. Terimchilarni paxtaga jo‘natish paytida. Hokim transport vakilini nimadir-nimadir degan. Keyin u ham futbolchi Zidanga o‘xshab, nima deyapsan deganu, birdaniga kalla qo‘ygan. Hokimning burni sinib, bolnitsaga tushgan, deydi Ozodlik manbasi.

Shundan so‘ng hokim shahar militsiya boshlig‘i Sanjar Boboxo‘jayevga qo‘ng‘iroq qilgan. Militsiya boshlig‘i o‘z xodimlari bilan Shuhrat Nazarovni hibs qilgani kelgan. Biroq hibs amalga oshmagan. Buning sababini Ozodlik manbasi shunday deb izohlaydi:

- Transportchi vakil ham o‘ziga ishonganlardan ekan. U ham srazu “krisha”siga zvonit qilgan. Krisha nachalьnik militsiyaga telefon qilgan. Hech kim hibs qilinmagan. Hokim bolnitsaga yotib olgan, dedi Chirchiqdagi Ozodlik manbasi.

“Toshviltransterminal” yuk va yo‘lovchilarni tashish uyushmasining o‘zini tanishtirmagan vakili ham shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi:

- Bolnitsaga hech kim yotgani yo‘q. Prosto ozginagina tushunmovchilik bo‘ldi. Hokim ozgina lishniy narsa aytdi. Shuhrat esa prosto bu narsani ko‘tarmadi. 20 minutni ichida hamma uspokoitsya qildi. Hamma charchaganda, nervlar charchagan. Keyin o‘zaro kelishildi va shu bilan intsident tugadi, dedi uyushma mulozimi.

Chirchiq shahar hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu voqeaga munosabat bildirishdan bosh tortdi.

O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi ko‘p kuzatiladi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan jon bergan edi.

Yana shu yilning aprel oyida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi.

2012 yilning avgust oyida Jizzax viloyati, Zarbdor tumani hokimi metallolom yig‘ish bo‘yicha vazifani bajarishga va‘da bera olmagan tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudirini kaltaklagan.

Surxondaryo viloyati hokimi Turob Jo‘rayev 2011 yilning 25 oktabr kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 8 ta kollej direktorini mushtlab urgan edi.

2011 yilning senyabrida Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov hokim tazyiqlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan edi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani prokurori Ziyodulla Yo‘ldoshev 2011 yilning sentabrida shu tumanning Ubay Muasev qishlog‘i mahalla qo‘mitasi raisi muovini Zuhriddin Zokirovni paxta terimiga yetarli odam yig‘magani uchun kaltaklagan.

2009 yilning noyabr oyida O‘zbekiston respublikasi Vazirlar mahkamasining Jizzax viloyatidagi vakili O‘ktam Tursunov fermerlardan birining ishidan kamchilik topib, uning o‘ziga go‘r qazdirgan, mahalla imomini chaqirtirib kelib, tirik fermerga janoza o‘qittirgan.
XS
SM
MD
LG