Линклар

logo-print
Toshkentning Abdulla Qodiriy va Shayxontohur ko‘chalari kesishgan hududda avtomobil yo‘li va ko‘prik qurilishi boshlandi. Bu qurilish loyihasi Qodiriy ko‘chasidagi daraxtzor o‘rtasidan o‘tishi bois¸ bu yerdagi chinorlarga ham qirg‘in keltirilmoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda daraxtzor go‘shalar¸ xususan¸ yuz yillik chinorlarga qiron keltirilishi ortidan Toshkentning yana bir yashil go‘shasi shaharsozlar "qahri"ga uchradi.

Toshkentni obodonlashtirish rejasiga muvofiq¸ Abdulla Qodiriy va Shayxontohur ko‘chalari kesishgan hududdagi daraxtlar bilan qoplangan saylgohning qoq o‘rtasidan avtomobil yo‘li o‘tmoqda.

Qurilish hududiga qo‘yilgan bildirishnomaga ko‘ra¸ bu hududda yo‘l va ko‘prik qurilishi Eski shaharni rekonstruktsiya qilish bosh plani asosida amalga oshirilmoqda.
Bu surat Gazeta.uz dan olindi

Bu surat Gazeta.uz dan olindi

Kesilgan daraxtzorni borib ko‘rgan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bu joyda ko‘prik qurilishi mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan:

- Abdullo Qodiriy ko‘chasidagi Oliy Sudning oldidan “Ganga”gacha bo‘lgan joyda 631 metrlik ko‘prik tushayotgan ekan. Sanab ko‘rdim, hozirgacha bir tomondan 11 ta, ikkinchi tomondan 13 ta katta daraxtlar kesilibdi. Daraxtlarni kesish odamlar sayr qiladigan joyga chiqib to‘xtab qolgan. Quruvchilar bilan gaplashsam, ular ham bu joyda katta chinorlar va daraxtlar borligini avval tasavvur ham qilmaganini, daraxtlar uvol bo‘layotganini aytishdi, dedi Abdurahmon Tashanov.

Ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik taksi haydovchisining Ozodlikka aytishicha, bu joyda avtomobillar tirbandligi hech qachon kuzatilmagan:

- Bu bog‘ning ikki tomonida to‘rt qatorli avtomobil yo‘li bor. Men hech qachon bu joyda probka bo‘lganini bilmayman. Bog‘ni yo‘q qilib ko‘prik qurilishiga hech qanday ehtiyoj yo‘q edi. Bu axmoqona fikr kimning kallasiga kelganini bilmaymanu, lekin poytaxtning juda chiroyli joylaridan yana biri yo‘q qilinayapti, deydi haydovchi.

Toshkent shahar Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda daraxtlarning kesilishiga qo‘mitadan ruxsat olinganini aytdi:

- Albatta¸ ruxsat olingan. Ko‘ryapsizku¸ moshinlar ko‘payib ketayapti, yo‘llarni kengaytirish kerak. Ikkinchisi, oblik goroda degan narsa bor. O‘sish, rivojlanish bo‘layapti, shahar o‘zgarayapti. Daraxtlar esa ko‘ylakka o‘xshaydi. Masalan¸ bitta ko‘ylakni butun umr kiymaysizku, yangisini olasiz. Kesilgan daraxtlar o‘rniga ham yangilari ekiladi, shahrimiz go‘zal bo‘ladi, dedi mulozim.

Daraxtzor o‘rniga yo‘l va ko‘prik qurilishi ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhining aksariyat a‘zolari yangi qironga salbiy munosabat bildirgan:

Har kuni shu yo‘ldan o‘taman. Yaralganidan buyon bu yo‘lda probka bo‘lmagan. Bizning pullarimizning ko‘kka sovrilishi bu!!! Bu qanaqa idiotizm!!!”

“Bundan ko‘ra, poytaxt tumanlaridagi yo‘llarni remont qilsa bo‘lmaydimi? Daraxtlarga rahmim kelyapti, sayr qilish uchun ajoyib joy edi.”

“Men bu ko‘prik sxemasini bir necha marta diqqat bilan ko‘rib chiqdim. Nega aynan shu joyda qurilish bo‘layotganini baribir tushunmadim. Hali ham kech emas, qurilishni darhol Bobur-Sh.Rustaveli ko‘chasiga yoki Ganga magazini chorrahasiga ko‘chirish kerak”

“Esiz! Bu Toshkent ekosistemasi va go‘zalligiga jiddiy zarar bo‘ladi.”

“Voyyyyy.... Bolalarimiz bilan sayr qiladigan alleyamizni yo‘q qilishyapti. Bu qanaqa idiotizim!”

“Bu ko‘prikning byudjeti qancha ekan kim biladi, 20-30 milliard?”
, deb yozadi "Voditeli Tashkenta" guruhi a‘zolari.


O‘zbekistonda kesilgan daraxtzorlar tarixi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining shaharlarni obodonlashtirish dasturiga binoan soya beradigan yuzlab qadim chinor va boshqa daraxtlar kesilib tashlandi.

2009 yilning noyabr oyida Toshkentning "eng keksa fuqarolari" – Amir Temur xiyobonidagi yoshi 100 dan ortgan daraxtlar kesib tashlandi.Bir asrdan ziyod vaqt davomida qadimiy shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelgan, shahar markazi iqlimini mo‘‘tadillashtirib turgan xiyobonga archalar ekildi.

2010 yilning yanvarida Samarqand shahri ko‘chalari va shahar parkidagi chinorlar kesildi.

2010 yilning avgustida Chirchiq shahri markazidagi yuzdan ortiq daraxtlar kesildi. Sanoat shahri bo‘lgan Chirchiqda toza havoga katta ehtiyoj sezayotgan shaharliklardan ayrimlari Ozodlikka bu qarordan noroziliklarini bildirdi.

2011 yilning mayida Toshkent shahrining Do‘mbirobod mahallasidagi qabristonda ko‘p yillik chinorlar kesildi.

2011 yilning yozida Toshkentning "Paxtakor" metrosi va o‘yingohi atrofidagi o‘rmon deyishga arzirlik daraxtzor chopib tashlandi.

Shuningdek, Namangan, Andijonda ham shaharga soya-salqin tashlab turgan juda ko‘p manzarali daraxtlar kesib tashlandi.
XS
SM
MD
LG