Линклар

GM mashinalari so‘mda savdoga chiqqach, salonlarda to‘polon boshlandi

  • Садриддин Ашур

Toshkentning Uchtepa tumanidagi avtosalon

Toshkentning Uchtepa tumanidagi avtosalon

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar so‘mga sotilishi haqida e‘lon berilgach, Toshkentdagi avtosalonlarda yana ajiotaj boshlandi. Jumladan, "Rohat" salonidan mashina olishni istagan yuzlab odam tuni bilan uxlamay, navbatda turdi. Biroq, salon egalari yana GMning xaridorgir va arzon emas, qimmat mashinalariga shartnoma taklif qilmoqda.

Toshkentdagi yirik avtosalonlarda GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni o‘zbek so‘mida xarid qilish uchun shartnoma berilishi haqidagi e‘londan so‘ng Toshkentdagi aksariyat avtomobil do‘konlari oldida yana ur-yiqit, to‘polonlar boshlandi.

Toshkentda o‘zbek avtomobiliga pul topshirishga navbat

Toshkentda o‘zbek avtomobiliga pul topshirishga navbat

Ozodlikning Toshkentdagi manbasi Uchtepa tumani Algoritm mavzesidagi avtomobil saloni oldida yuz bergan holatni suratga olib jo‘natar ekan, militsiya xodimlari odamlarni tartibga chaqirishga majbur qolganini aytdi:

- Bugun ertalab avtosalon oldidan o‘tib ketayotib qarasam, ur-sur, to‘polon. Odamlar navbatlarini adashtirib qo‘ygan shekilli, hamma do‘konga kirishga harakat qilayotgan ekan. Besh-olti militsioner do‘kon oldini to‘sib olgan va odamlarni navbatga turishga chaqirardi. Taxminan, 200 kishi bor edi, - dedi toshkentlik manba.

Toshkentning Sirg‘ali massividagi avtosalonda bo‘lgan Ozodlik manbasi ur-yiqit va to‘polondan yozib olingan ovozni taqdim etdi:

Biroq, arzon va xaridorgir avtomobillarga bu yilgi shartnomalar ham savdoga chiqmay turib, tugab qolgani Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi.

Toshkentdagi “Rohat” avtosalonining o‘zini tanishtirmagan sotuvchisiga ko‘ra, arzon mashinalarga shartnoma limiti tugagan:

- Matiz mashinalari oxirgi shartnomani 10 iyulda berganmiz. Nexia Donc va Sparklarga bu yilning fevralida berib bo‘lgan edik. So‘mda hozir faqat Cobalt, Malibu va uchinchi pozitsiyadagi Orlando bor, - dedi avtosalon sotuvchisi.

Toshkentda o‘zbek avtomobiliga pul topshirishga navbat

Toshkentda o‘zbek avtomobiliga pul topshirishga navbat

Toshkentdagi avtomobil savdosi va mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimi Ahror Ozodlik bilan suhbatda avtosalonlarda hozir faqat shartnomalar berilayotgani, avtomobilning o‘zi esa kelasi yilda berilishini aytdi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar narxi 7 iyul, 2014 yil.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar narxi 7 iyul, 2014 yil.

- Kechadan boshlab avtosalonlarda shartnoma berilyapti. Spark, Nexia, Damas hamma mashina bor. Shartnoma 2015 yilning fondidan berilyapti. Hammasi kelasi yanvardan yoki fevralidan beriladigan mashinalar, deydi Ahror.

"Rohat" avtosaloni xodimiga ko‘ra, avtomobil olishni xohlagan mijozlar mashina narxining 85 foizini avvaldan to‘lab, shartnoma imzolaganidan keyin 6-8 oy davomida yangi mashina oladi.

- Pasport va soliqdan qarzingiz yo‘qligi haqida spravka bilan kelasiz. Shartnoma imzolaysiz va uch ish kuni davomida bankka pul to‘laysiz. Shundan keyin siz navbatga qo‘yilasiz. Mashinangiz 6 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatda keladi. Kelganidan keyin o‘zimiz telefon qilamiz, - dedi avtosalon xodimi.

GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni sotib olish uchun to‘lovlarni amalga oshirishdagi ayni manzara mamlkatning boshqa hududlarida ham kuzatildi.

Ozodlikning Termizdagi manbasi "Hamkorbank"ka qoplab pul keltirib, navbat kutib turgan surxondaryoliklarning rasmlarini olib jo‘natdi:

O‘zbekistonda har yili avgust oyida avtomobillarni kelgusi yilda sotib olish uchun to‘lovlar amalga oshiriladi.

Mutaxassislarning aytishlaricha, bu tadbir naqd pul taqchilligi sharoitida odamlardan naqd pulni yig‘ib olish va qora bozorda AQSh dollari qiymatini tushirish uchun amalga oshiriladi.

O‘tgan yil ham avgust oyida mashina to‘lovlari jarayonida ur-yiqit va to‘polonlar kuzatilgan edi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning aksariyat qismi eksport qilinishi bois, o‘zbekistonliklar oldindan avtomobil qiymatining 85 foizini to‘lashga va bir yil mobaynida kutishga majbur.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarining Rossiya va Ukrainadagi narxlari o‘zbekistonliklarga sotilayotganidan qariyb bir yarim-ikki baravar arzon ekanligi kuzatiladi.

Yiliga 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani aytiladigan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida Nexia, Cobalt, Lacetti, Malibu, Gentra, Matiz, Spark va Damas avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

XS
SM
MD
LG