Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:11

To‘rtko‘lda kollej direktori paxtaning navbatdagi qurboni bo‘ldi


Melis Jumaniyozov o‘ziga biriktirilgan paxta maydonidan kam hosil olgani uchun hokimlik bosimiga uchragani aytilmoqda.
Melis Jumaniyozov o‘ziga biriktirilgan paxta maydonidan kam hosil olgani uchun hokimlik bosimiga uchragani aytilmoqda.

To‘rtko‘l 2-sonli qishloq xo‘jalik kolleji direktori Melis Jumaniyozov miyasiga qon quyilishidan olamdan o‘tdi. Ozodlik manbalari Jumaniyozov o‘ziga biriktirilgan fermer xo‘jaligi paxta rejasini bajarmagani uchun hokimlik va organ xodimlari bosimi natijasida o‘lganini iddao qilmoqda. Rasmiylar Jumaniyozov fermer bo‘lmaganini aytib, iddaolarni rad qilmoqda.

51 yashar Melis Jumaniyozov 30 oktyabrь kuni To‘rtko‘lning Yonboshqal‘a massivi hududidagi paxta dalasida miyasiga qon quyilishi oqibatida hushidan ketgan. O‘n kun shifoxonada yotgan Jumaniyozovning ahvoli o‘nglanmagan va 9 noyabr kuni u olamdan o‘tgan.

To‘rtko‘llik manbaning Ozodlikka aytishicha, Melis Jumaniyozov o‘ziga biriktirilgan 80 gektarlik fermer xo‘jaligi joriy yilgi paxta rejasini bajarmagani uchun mahalliy hokimlikning bosim va tazyiqiga uchragani uning o‘limiga sabab bo‘lgan:

“Unga o‘tgan yili fermerlar tashlab ketgan yerni majburlab berishgan. Bu yil 80 gektardan 54 tonna topshirishi lozim edi. U 37 tonnaga svodka bergan, aslida uning xo‘jaligidan bundan ham kam paxta chiqqan. Hokimiyat majlislarida uni rosa ezishdi. Bosim va tazyiqlardan bezgan Melis keyingi paytda majlislarga kelmay qochib yurdi. Keyin unga bir militsiya xodimini biriktirib qo‘yishdi. Militsiya doim yonida yurgan. O‘sha kuni Nukusdan tekshiruvchilar kelgan. Hokim Melisni so‘kkan. Militsiya esa "qamayman", degan. Tazyiqlardan qo‘rqqan Melisning davleniyesi chiqib dalada yiqilgan”, deydi voqea tafsilotlaridan xabardor manba.

To‘rtko‘l markaziy shifoxonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Melis Jumaniyozov gemorragik insulьtdan vafot etgan:

“Jumaniyozov miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi oqibatida kasalxonaga yotqizildi. Unga gemorragik insult tashhisi qo‘yildi. U kasalxonada 10 kun davolandi. Lekin davolash biror natija bermadi”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz shifoxona xodimlaridan biri.

To‘rtko‘l tuman hokimligi mas‘uli Jumaniyozovning o‘limini paxta siyosati bilan bog‘lamaslikni so‘radi:

“U o‘z ajali bilan o‘ldi. Buni hech qanday paxta siyosatiga aloqasi yo‘q. Uning fermer xo‘jaligi ham yo‘q edi”, dedi o‘zini tanishtirmagan hokimlik mas‘uli.

Mahrum Jumaniyozov bilan bog‘liq vaziyatdan yaxshi xabardor to‘rtko‘llik manbaga ko‘ra, 80 gektarlik paxta yeri Melis Jumaniyozov nomida bo‘lmagani bilan asosiy mas‘uliyat uning zimmasida bo‘lgan:

“To‘rtko‘lda ko‘plab fermerlar yerlarini tashlab ketishdi. Shundan keyin hokimlik barcha tashkilotlar rahbarlariga majburlab yer berdi. Melis Jumaniyozov kollej direktori bo‘lgani uchun o‘tgan yili 80 gektar yerni olishga majburlandi. Yer kollej xodimlaridan birining nomida edi. Lekin hokimiyat majlislarida Jumaniyozovga bosim qilinardi”, deydi to‘rtko‘llik manba.

O‘zbekistonda hokimlarning fermerlarni, korxona va tashkilotlar rahbarlarini haqorat qilish, urish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Jumladan, joriy yil 18-19 oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi oz paxta topshirgan fermer va terimga kam o‘qituvchi chiqargan maktab direktorlarini kaltaklagan.

7 oktabr kuni Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qiladigan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini buzgan, hammani urib-so‘kib paxtaga haydagan edi.

Bu voqeadan bir necha kun o‘tib Ravshan Komilov Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norovni urgani haqida Ozodlik manbalari xabar bergan edi.

Melis Jumaniyozovning o‘limi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni 20 nafarga etdi.

XS
SM
MD
LG