Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:34

AsiaTerra: Prezident qayinjiyani 800 mln. dollarni o‘zlashtirishda ayblandi​


Akbarali Abdullayevning yaqinlari Ozodlikka taqdim qilgan surat.
Akbarali Abdullayevning yaqinlari Ozodlikka taqdim qilgan surat.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning anonim manbaga tayanib iddao qilishicha, prezidentning qayinjiyani Akbarali Abdullayev bir necha korxonadan "naqd ko‘rinishda 800 million AQSh dollaridan oshiqroq" mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirishda ayblangan. Jurnalist qo‘lga kiritgan ayblovda "Kvarts" OAJ, "Farg‘onayog‘moy" OAJ, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, "Qizilqumtsement" va "Farg‘ona neft bazasi" unitar korxonasi nomi tilga olingan.

Bu borada AsiaTerra nomli blogida yozgan toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich manbaning ishonchli, biroz kechikib yetkazilgan ayblov xulosasi esa asl ekanini ta‘kidlamoqda.

20 oktabrda Toshkent shahar prokurori tomonidan tasdiqlangan hujjatda prezident qayinjiyani Akbarali Abdullayevning noqonuniy o‘zlashtirishgani aytilgan daromad miqdori ko‘rsatilgan:

- 800 million AQSh dollari miqdoridagi pul naqd ko‘rinishda jinoiy guruh vakillari tomonidan birgina Akbarali Abdullayevning o‘ziga berilgani aytilgan. Bu ayblov xulosasini Toshkent prokurori M.X.Obidov tasdiqlagan, O‘zbekiston MXX Tergov bo‘limining ikki rahbari - adliya mayori R.X.Siddiqov, militsiya polkovnigi O.V.Busiginlar imzolagan, - dedi Ozodlik bilan suhbatda jurnalist Aleksey Volosevich.

Aslida prezidentning rafiqasi - Tatyana Karimovaning jiyani ekani aytilgan Akbarali Abdullayevning 2013 yil oxirida hibsga olingani, 2014 yilning kuzida esa sudga tortilgani haqidagi norasmiy xabarlar muqaddam matbuotga sizdirilgan edi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, A.Abdullayev va uning jinoiy sheriklari ustidan mahkamalar yanvar oyida bo‘lib o‘tgan.

- Manbaga ko‘ra, yanvarning o‘rtalarida jinoiy guruh ustidan hukm ham o‘qilgan. Ammo, shu kunga qadar hukm nusxasi, hatto, sudlanganlarning yaqinlariga ham berilmagan. Men qo‘lga kiritgan ayblov xulosasida esa yopiq mahkamalarga oid tafsilotlar bor, - deydi mustaqil jurnalist.

Jurnalist unga anonim manbadan kelib tushgan ayblov xulosasidan bir nusxani Ozodlikka ham taqdim qildi.

2014 yilning 20 oktabrida Toshkent shahri prokurori M.X.Obidov tomonidan tasdiqlangan 88 varoqlik ayblovda A.Abdullayev boshliq jinoiy guruhning Farg‘ona va Navoiy viloyatidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari daromadini noqonuniy o‘zlashtirgani aytilgan.

Xulosaning 14-sahifasida "Kvarts" OAJ, "Farg‘onayog‘moy" OAJ, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, "Qizilqumtsement", "Farg‘ona neftь bazasi" unitar korxonalaridagi jinoiy faoliyat orqali olingan 800 million AQSh dollaridan ortiqroq jinoiy daromadni u (jinoyatda gumon qilingan ikkinchi shaxs - tahr.) Abdullayev A.ga bergan"i qayd etilgan. Volosevich hisobicha, bu mablag‘ O‘zbekistonning paxta eksportidan topadigan bir yillik daromadiga tengdir.

Ayblov xulosasida yuqorida nomi tilga olingan ishlab chiqarish korxonalarida direktor, direktor o‘rinbosari, bosh hisobchi, ombor mudiri, injener bo‘lib ishlgan o‘nlab shaxsning nomi keltirilgan va ular O‘zbekiston JKning 167, 177, 210-moddalari asosida davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish, pora olish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Volosevichga ko‘ra, mahkamalarning asosiy qismi yanvarь oyi ichida Toshkentda bo‘lib o‘tgan va sudlanuvchilarga qamoq yoki shartli jazo berilgan:

- Ammo, jinoiy guruh boshlig‘i, deb ayblangan Abdullayevning o‘ziga nisbatan hukm o‘qilgani haqida hozircha menda hech qanday ma‘lumot yo‘q. Mendagi ma‘lumotga ko‘ra, u 2013 yilning 10 dekabrida hibsga olingan va mahkamaga uni Toshkent shahridagi tergov izolyatorlaridan biridan keltirishgan. Shu, bu borada menda boshqa ma‘lumot yo‘q, - dedi Aleksey Volosevich.

Prezidentning qayinjiyani tuzgan va daromad ko‘rgan ob‘ektlardagi jinoyatlar haqida 5 oy muqaddam O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham qisman ma‘lumot bergan edi.

2014 yilning sentyabrida press-reliz e‘lon qilgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi tuzgan “uyushgan jinoiy guruh" Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov va uning sobiq hisobchisi Nurmuhammad Sodiqov tomonidan boshqarilganini ta‘kidlagan edi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Gulnora Karimova doxil jinoiy guruh “davlat aktivlarini sun‘iy pasaytirilgan narxlarda qo‘lga kiritish va boshqa usullar bilan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning 5,5 mlrd. So‘mlik, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd.” MChJ QK ning 11,9 mlrd. so‘mlik, “Farg‘ona NQIZ” UShKning 40,1 mlrd. So‘mlik, shuningdek boshqa korxona va tashkilotlarning 102 mlrd so‘mlik aktivlari talon-taroj qilingan va o‘zlashtirilgan”.

Mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning o‘z manbasiga tayanib aytishicha, rasmiy bayonot va ayblov xulosasida shu va boshqa turdagi sxemalar asosida o‘zlashtirilgani da‘vo qilingan daromad bir necha yuz milliard so‘m emas, balki bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil qiladi.

- Prezident qarori asosida bu zavod va korxonalarning mahsulotlari tovar xomshayo birjalarida sotilishi kerak. Ayblovdagi versiyaga ko‘ra, bu guruh turli tijorat strukturalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzib, qo‘pol qilib aytganda, mahsulotni "leviy"ga sotgan. O‘tgan yili kuzda Bosh prokuratura bu guruhni birgina Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining narxini sun‘iy ravishda tushirib, bir necha million dollarga sotib olganlikda ayblagan edi. Lekin, bu O‘zbekistondagi yirik zavodlardan biri va uning narxi kamida bir necha yuz million AQSh dollari turadi, - deb hisoblaydi Volosevich.

Shu tariqa, 4 yil ichida davlatning 800 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ini o‘zlashtirishda ayblangan 30 yashar Akbarali Abdullayevning taqdiri sirligicha qolmoqda.

2013 yilning kuzida prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning o‘z onasi va singlisiga qarshi "tvitter isyoni" boshlanganidan biroz o‘tib, nomi jamoatchilik og‘ziga tushgan bu shaxsning prezident Islom Karimovning rafiqasi - Tatьyana Karimovaning singlisi Tamara Sobirovaning o‘g‘li ekani aytiladi.

Yaqinda ovozi o‘chirilgan Uznews.net nashri Akbarali Abdullayevning o‘z qarindoshlik aloqalaridan foydalanib, Quvasoydagi "aka-uka Akramovlar"ga tayangan holda jinoiy faoliyatini 2002 yilda boshlaganini iddao qilgan edi. Ozodlikka kelib tushgan ayblov xulosasida bu aka-ukalarning nomi asosiy figurant sifatida tilga olinadi.

Norasmiy manbalarda da‘vo qilinishicha, uzoq muddat davomida jinoiy guruh Farg‘ona vodiysi va Navoiy viloyatidagi qator yirik ishlab chiqarish korxonalarini o‘z nazoratiga olgan va rahbarlik hamda boshqa muhim lavozimlarni o‘z sxemasiga bo‘ysungan kadrlar qo‘liga o‘tkazgan.

Bu guruhning, hatto, Farg‘ona vodiysidagi benzin narxiga ta‘sir o‘tkazgani va AYoQSh rahbarlarini sun‘iy taqchillikni keltirib chiqarishga majburlagani norasmiy manbalar tomonidan da‘vo qilingan.

Qizig‘i, 2002 yilda tub qo‘yib, keyingi 10 yil davomida emin-erkin palak otgan bu jinoiy guruh faoliyati 2012 yilga kelib O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari nazariga tushdi va Ozodlikka kelib tushgan ayblov xulosasida guruhning 2008 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan faoliyati tergov qilingan.

Yana bir muhim jihat shuki, xulosada tilga olingan zarar - 800 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ jinoiy guruh tomonidan 4 yil ichida prezident qayinjiyaniga naqd ko‘rinishda berilgan summadir. Ayblovda aytilishicha, "noqonuniy o‘zlashtirilgan daromadning yana bir qismi davlat va tijorat tashkilotlarining rahbarlariga pora ko‘rinishida berilgan, bundan qolgani jinoiy guruh o‘rtasida naqd ko‘rinishda taqsimlangan".

Ya‘ni, qayinjiyanning noqonuniy harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan shaxslar nomi ayblovda tilga olinmagan, ammo, ularning "davlat va tijorat tashkilotlarining rahbarlari" ekani qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG