Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:52

Toshkentliklar chinor kesilishiga qarshi petitsiya uyushtirishdi


Shanba-yakshanba kunlari o‘zbek rasmiylarining Toshkentda boshlangan navbatdagi daraxt kesish amaliyoti poytaxtliklarda norozilik uyg‘otdi. Chinorlar kesilishiga qarshi bo‘lgan toshkentliklar Internet orqali petitsiya imzolash kampaniyasini boshlab yubordilar.

“O‘zbekistonda chinorlarning vahshiylarcha kesilishini to‘xtatishni so‘raymiz” deb nomlangan bu petitsiya toshkentlik Farida Sharifullina tomonidan uyushtirilgan.

“Hozir O‘zbekistonning har yerida chinorlarni kesayaptilar. Chinorning o‘rnini hech qaysi daraxt bosolmaydi. Osiyo chinorining balandligi 35-40 metrga yetadi, soya-salqin beradigan hamda issiq va quyosh radiatsiyasida himoyalaydigan shox-shabbasi mo‘l. Bir necha yuz yil yashaydi. Bu mustahkam og‘ochni qurt-qumursqa kemirolmaydi. Sug‘orishga ham hojat yo‘q. Hozir Toshkent yalang‘ochlanib qolgan, u asfalt-beton dashtiga o‘xshab bormoqda. Chinor o‘rniga suv ko‘p talab qiladigan va soya-salqin bermaydigan archa va chet el daraxtlari o‘tqazmoqdalar. O‘zbekistonda chinorlarning vahshiylarcha kesilishini to‘xtatishni so‘raymiz”, deb yozadi Farida Sharifullina.

Hozirgacha qariyb 1,5 ming kishi imzolagan petitsiyaning adresati o‘laroq Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov va O‘zbekiston Ekologik harakati mutasaddisi Boriy Alixonov ko‘rsatilgan.

Bundan oldin ayol Toshkent shahar hokimiyati va O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Feysbukdagi sahifasiga xat yo‘llagan. O‘z xatida u rasmiylardan Toshkentda sog‘lom chinorlarni vahshiylarcha kesish nima uchun davom etayotganini izohlab berishni so‘ragan. Bunga javoban tabiatni muhofaza qilishqo‘mitasi shu kunda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qator ko‘chalarni obodonlashtirish va kengaytirish ishlari olib borilayotgani, bu ish uchun ayrim daraxtlarni kesish zarur bo‘layotgani, kesilgan daraxtlar o‘rniga bahorda qimmatli daraxt turlari ekilishini bildirgan.

23-24 yanvar kunlari Toshkentdagi prezident trassasining bir qismi bo‘lgan sobiq Pushkin ko‘chasida o‘sgan barcha chinorlarni kesib tashlagandilar. 25 yanvardan esa Darxon mavzeidan Amir Temur xiyobonigacha qatorlashib turgan chinorlarni kesa boshlaganlar.

Toshkentda chinorlarning kesilishi nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki ayrim ommaviy axborot vositalarida ham norozilik chiqishlariga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, Uzmetronom sayti bosh muharriri Sergey Yejkov bu boradagi qaydini “Hokimiyatdagi yaramaslar va ular ostidagi baliqlar haqida” deya sarlavhalagan.

O‘z qaydida Yejkov yurtdoshlarining vijdoniga saslanarkan, “xalq zabonsiz malay emas, balki O‘zbekiston konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgani kabi hokimiyat manbai ekanini rasmiylarga har kuni isbotlash orqali o‘zimizni hurmat qila boshlash vaqti yetmadimi?” deb yozadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining shaharlarni obodonlashtirish dasturiga binoan soya beradigan yuzlab qadim chinor va boshqa daraxtlar kesilib tashlangan.

2009 yilning noyabr oyida Toshkentning "eng keksa fuqarolari" – Amir Temur xiyobonidagi yoshi 100 dan ortgan daraxtlar kesib tashlangan.Bir asrdan ziyod vaqt davomida qadimiy shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelgan, shahar markazi iqlimini mo‘’tadillashtirib turgan xiyobonga archalar ekilgan.

2010 yilning yanvarida Samarqand shahri ko‘chalari va shahar parkidagi chinorlar kesilgan.

2010 yilning avgustida Chirchiq shahri markazidagi yuzdan ortiq daraxtlar kesilgan. Sanoat shahri bo‘lgan Chirchiqda toza havoga katta ehtiyoj sezayotgan shaharliklardan ayrimlari Ozodlikka bu qarordan noroziliklarini bildirgan.

2011 yilning mayida Toshkent shahrining Do‘mbirobod mahallasidagi qabristonda ko‘p yillik chinorlar kesilgan.

2011 yilning yozida Toshkentning "Paxtakor" metrosi va o‘yingohi atrofidagi o‘rmon deyishga arzirlik daraxtzor chopib tashlangan.

O‘tgan yil bahorida yana Samarqand shahrida yuz yillik chinorlar yiqitilgan.

Shuningdek, Namangan, Andijonda ham shaharga soya-salqin tashlab turgan juda ko‘p manzarali daraxtlar kesib tashlangan.

XS
SM
MD
LG