Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:00

Peterburgda bolasini pullagan o‘zbek ayoli javobgarlikka tortildi


Dog‘istonda tashlab ketilgan chaqaloq
Dog‘istonda tashlab ketilgan chaqaloq

Olti oylik chaqalog‘ini 800 ming rublga pullamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol jinoiy javobgarlikka tortildi. 4 aprel kuni 33 yashar Gavhar A.ni hisbda qoldirish masalasi sudda muhokama etildi.

2016 yilning 31 martida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘z bolasini pullamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 33 yashar ayol qo‘lga olindi.

O‘tgan yilning oktyabrida tug‘ilgan o‘g‘il bolani muhojir ayol 800 ming rubl (~12000 AQSh dollari)ga baholab, mahalliy jinoyat-qidiruv bo‘limi operativ xodimiga sotayotganida ushlandi.

Bola sotuvchi ayol Peterburgning Qozon ko‘chasidagi kafelaridan birida pulni qo‘liga olganidan keyin ushlandi, deydi Ozodlikka amaliyot tafsilotlarini gapirib bergan shahar Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov.

- Uni bugun hibsda qoldirish masalasi sudda ko‘rilayapti. Bu ishga, so‘zsiz, ayol g‘arazli manfaatlarini ko‘zlab qo‘l urgan – 800 ming rublga sotmoqchi bo‘ldi! Boshqa sabablari yo‘q, dedi Sergey Kapitonov.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Gavhar A. ismli 1982 yilda tug‘ilgan bu ayblanuvchi ayolga nisbatan Sankt-Peterburg Tergov qo‘mitasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 127.1 moddasi 2- qismi “b,z” bandlari (“odam savdosi”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Olti oylik bola mahalliy klinikalardan biriga yuborildi. Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Peterburg Tergov qo‘mitasi rasmiysi Sergey Kapitonov Peterburgda aynan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining o‘z farzandlarini sotishga urinishlari bilan bog‘liq voqealar avval ham uchraganini eslatdi:

- Bir yil davomida, adashmasam, bu uchinchi hodisa. Oxirgi marotaba kuzda bo‘lgandi. Achinarlisi, bola sotishga asosan hamyurtlaringiz urinayapti. Nahotki ular Internet orqali yoki istagan boshqa tarzda bolani sotish to‘g‘risidagi e’lon darhol politsiya va maxfiy xizmatlar nazoratiga tushishi, bu qilmish ortida jiddiy javobgarligi borligini tushunishmaydi?! -dedi Sergey Kapitonov.

Tergov xodimi 2014 yilning martida Peterburgda 22 yashar o‘zbekistonlik Sayligul Nuralieva yangi tug‘ilgan o‘g‘lini sotish paytida bu savdoga ërdam bergan 29 yashar tojikistonlik Aziza Davurova bilan birga qo‘lga olinganini estlatdi. To‘rt kunlik bolani 25 ming rublga sotmoqchi bo‘lgan muhojir ayollar pulni registratsiyadan o‘tish uchun ishlatmoqchi bo‘lganini bildirgan.

Shu yilning 27 fevralida Ozodlik radiosi o‘zbekistonlik ona-bola yangi tug‘ilgan chaqaloqni Peterburgda 80 ming rubl evaziga sotishga uringanida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Shu tariqa 50 yoshli bu ayol nikohsiz o‘g‘il tuqqan 24 yoshli qizini “sharmandalik”dan xalos qilmoqchi bo‘lganini tergovchilarga aytgan.

2015 yilning fevralida 2 kunlik chaqalog‘ini 6 ming dollarga baholagan 38 yashar o‘zbekistonlik Bahronova operativ xodimlar tomonidan ushlangan edi. U Rossiyada bola tuqqanini O‘zbekistonda qolgan eri va to‘rt nafar farzandidan yashirmoqchi va boz ustiga daromad olmoqchi ham bo‘lganini gapirib bergan.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tomonidan o‘z farzandlarini sotish holatlari Rossiyaning boshqa shahar va o‘lkalarida ham qaydga olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar berib keladi.

Jumladan, yaqinda Moskva viloyatida uch oylik chaqalog‘ini 70 ming rublga (taxminan 1130 AQSh dollari) pullashga uringan o‘zbekistonlik Gulnora Hoshimova 5 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

XS
SM
MD
LG