Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:33

Izboskanda kesilgan yarim asrlik chinorlar million so‘mdan pullanyapti


Andijon viloyati Izboskan tumanida chinorlar kesilmoqda
Andijon viloyati Izboskan tumanida chinorlar kesilmoqda

Andijon viloyati Izboskan tumanida yarim asrlik chinorlar kesilyapti. Kesilgan chinorlarni mahlliy hokimiyat tadbirkorlarga pullamoqda. Tadbirkorlar esa daraxtlarni piloramadan o‘tkazib, xom ashyo sifatida Toshkentdagi mebel ishlab chiqaradigan fabrikalarga sotyapti. Mahalliy aholining chinorlarni kesishga qarshi bildirgan noroziligi samarasiz qolmoqda.

Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi Ulug‘bek Abdullaevning buyrug‘i bilan Chirmash Azimov ko‘chasida joylashgan 52 yillik chinorlar kesila boshlandi.

Chinorlar kesilmasdan oldin bunday edi
Chinorlar kesilmasdan oldin bunday edi

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan izboskanlik manbaning aytishicha, mahalliy hokimiyat odamlarning noroziligini ham hisobga olmayapti:

“Otaxonlarimizning aytishlaricha, bu chinorlar 1964 yilda o‘tqazilgan ekan. Hozir ularning har biriga ikki kishining ham qulochi etmaydi. Yozning jazirama issig‘ida ko‘cha bo‘ylab yuradigan odamlarning joniga oro kiradigan chinorlar edi bular. Kesishni boshlaganidan so‘ng, mahalladan otaxonlar chiqib kesmaysanlar deb norozilik bildirishdi. Lekin kesuvchilar ularning gapini pisand ham qilmay ishlarini davom ettirishyapti. Shu paytgacha ko‘chadagi yuzdan ortiq chinorlarning yarmi kesib olindi”, dedi manba.

...va kesilganidan so‘ng.
...va kesilganidan so‘ng.

Chirmash Azimov mahallasida istiqomat qiladigan otaxonlardan birining Ozodlikka aytishicha, bu chinorlarni kesishdan maqsad uni pullash bo‘lgan:

“Kecha shu chinorlarni sotib oladigan odamni topdik. U shaxsiy piloramasi bor Dilshodbek ismli tadbirkor bola ekan. Dilshodbekning aytishicha, chinorlar kesilmasdan oldin har bir chinorga u bir-bir yarim million so‘mdan pul to‘lab qo‘ygan ekan. U chinorlarni piloramasida taxta qilib, Toshkentdagi mebel fabrikalariga sotar ekan”, dedi izboskanlik otaxon.

Чинор кесиш навбати Андижоннинг Избосканига келди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:26 0:00

Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida Izboskan tumani hokimligi bilan bog‘landi. O‘zini hokim yordamchisi Biloliddin deb tanishtirgan mulozim, chinorlarni kesish hokimiyatning qarori bilan yo‘lni kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotganini aytdi.

O‘zbekiston shahar va qishloqlarida keyingi bir necha yil davomida qayta qurish va obodonlashtirish bahonasida bir necha yuz yillik chinor va boshqa daraxtlar ommaviy tarzda kesilmoqda. Bu holat o‘zbekistonliklar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, so‘nggi bir necha oy ichida Toshkentning bir necha dahasida chinorzorlarning yo‘q qilinishiga qarshi mahalliy aholi keskin norozilik bildirdi.

XS
SM
MD
LG