Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:04

“Andijondonmahsulot” ishchilari oshqovoqni tugatib, baklajka kesishga kirishdi


"Андижондонмаҳсулот" ОАК
"Андижондонмаҳсулот" ОАК

Oshqovoqni ekib bo‘lganidan so‘ng paxta zararkunandalariga tuzoq tayyorlashda foydalaniladigan baklajkalarni kesishga majburlangan "Andijondonmahsulot" ishchilari uch oydan buyon maoshsiz qolmoqda. Korxona ishchilarining Ozodlikka aytishlaricha, bundan tashqari kombinat ishchilari uylari buzilayotgan odamlarga yordam berish uchun safarbar qilinyapti.

“Andijondonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati ishchilari fevral oyidan buyon maoshsiz qolmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan korxona ishchilariga ko‘ra, ularning arzu-dodiga korxona rahbariyati e’tibor ham bermayapti:

- Oxirgi olgan maoshimiz yanvar oyi uchun edi. O‘shandan buyon hech vaqo yo‘q. Oyligimiz ham ko‘p emas, ko‘p bo‘lsa 600-700 ming so‘m oylik olamiz. Axir bizning ham tirikchiligimiz bor, yo‘lkiramiz bor, abedimiz bor, bola-chaqamiz bor. Rahbarlarga aytsak, ana ertaga, ana indin deb, aldab kelyapti. Ishchilar juda qiynalib qoldi, dedi ismi sir qolishini so‘ragan korxona ishchilaridan biri.

Suhbatdosh, maosh bermayotgan rahbarlar ularni turli xil qo‘shimcha ishlarga safarbar qilishayotganini aytadi:

- Mana yaqinda oshqovoq ekishdan qaytdik. Bugun esa boshqa ishga majburlashdi. Paxta zararkunandalariga qarshi tuzoq tayyorlash uchun baklashkalarni og‘zini kesib, ularni reykalarga yopishtirib chiqdik. Baklashkaning o‘sha kesilgan og‘zi teskari qilinib, o‘ziga tiqib qo‘yilyapti. Fermerlarning aytishlaricha, buning ichiga qandaydir suyuqlik quyular ekan va hasharot o‘shanga kirib o‘lib qolaverar ekan. Ertaga o‘sha baklashkalarni paxtazor ichiga qoqib chiqamiz ekan, deydi ishchi.

Uning aytishicha, bundan tashqari korxona ishchilari uylari buzilayotgan odamlarga yordam berish uchun jo‘natilmoqda:

- Eski shaharning Oltinko‘l ko‘chasidagi yo‘l bo‘yidagi uylar buzilyapti. Har kuni ana shu buziladigan uylarning egalariga yordam berish uchun odam jo‘natilyapti. Borib uylarni buzish, narsalarini tashish ishlariga qarashamiz. Bu ham majburiy. Bunga qo‘shimcha haq to‘lanmaydi. Faqat biz emas, balki Andijon shahrining boshqa tashkilotlaridan ham odamlar safarbar etilgan, dedi korxona ishchisi.

Ishchining bu gaplarini Ozodlik suhbatlashgan boshqa ishchilar ham tasdiqladi.

O‘zini “Andijondonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati raisining yordamchisi Boburjon deb tanishtirgan mulozim, ishchilarning fevralь oyidan buyon maoshsiz ishlayotgani borasidagi iddaolarini tasdiqlamadi:

“Maoshlar o‘z vaqtida berib borilyapti. To‘g‘ri Bosh vazirning qaroriga bionoan ishchilarimiz ikki kun oshqovoq ekishda qatnashdi. Lekin boshqa ishlarga safarbar etilgani yo‘q”, dedi mulozim.

Ozodlik Andijon viloyatidagi korxona va tashkilotlar oshqovoq ekishga ommaviy safarbar etilgani xususida ilgari xabar bergan edi.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ham mamlakatda ishchilarga oyliklarning kechiktirilishi mehnat qonunchiligining eng keng tarqalgan buzilishi bo‘lib qolayotganini tan olgan edi.

Vazirlikka ko‘ra, o‘tgan yilda bu bilan bog‘liq to‘rt mingta shikoyat tushgan va qonun buzilishlari bo‘yicha ish beruvchilarga 1,5 milliard so‘m miqdorida jarima solingan.

XS
SM
MD
LG