Линклар

logo-print

Moskvaning Ostankino tuman sudi qarori bilan IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan olti nafar muhojir tergov yakuniga qadar hibsga olindi. Tergovchilar “Suriyaga jihodga” odam yollaganlik va jo‘natganlikda ayblanayotgan o‘zbek va qirg‘iz fuqarolari 19 yashar o‘zbekistonlik "O‘g‘li Xayrullo" tomonidan boshqarilganini taxmin qilmoqda.

19 dan 34 yoshgacha bo‘lgan olti mehnat muhojiri Moskvada terrorchi guruhlarga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi.

Rossiya maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qilishi aytilayotgan Life nashri orqali sizdirilgan ma’lumotga binoan, bu guruh go‘yo Rossiyada jangarilarni yollab, ularni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan. Bu jinoiy guruhga esa 19 yashar o‘zbekistonlik “O‘g‘li Hayrullo” (xabarchilar “o‘g‘li” so‘zini ism bilan adashtirgan bo‘lishi mumkin.- tahr.) ismli shaxs bosh bo‘lgan.

- Terrorchilik faoliyatda ayblanayotgan olti kishi hibs etildi. Bular 34 yoshli Baqit Anarqulov, 27 yoshli Bahodir Hamraev, 23 yoshli Jaloliddin Kenjaev, 19 yoshli O‘g‘li Xayrullo, 22 yoshli Abbos Zokirov va Xoldorali Dadaxonlardir. Tergov taxminlariga ko‘ra, hibs etilganlar Rossiya poytaxtida bo‘lajak jangarilarni IShID hududlariga jo‘natishni tashkillashtirgan, deyiladi xabarda.

Moskvaning Ostankino tuman sudida Ozodlik so‘roviga bu shaxslar haqiqatan sud qarori bilan hibsga olinganini tasdiqlashdi.

Biroq, sud matbuot xizmati boshlig‘i Kristina Botirova bu ish yuzasidan alohida nazorat mavjudligi va qo‘shimcha ma’lumot olish uchun redaktsiya nomidan maxsus xat bilan chiqish lozimligini bildirdi.

- Mendagi ma’lumotlar bazasida siz aytgan odamlar masalasi bo‘yicha hibsga olish va hibsda qoldirish muhlatini uzaytirish materiallari mavjud, xolos. Ular bir jinoiy ish yuzasidan o‘tayaptimi, alohidami – men bilmadim. Siz aytgan odamlardan bittasi birinchi marotaba hibs etilgani, yana ikkitasini hibsda qoldirish masalasi ko‘rilganini aytishim mumkin, dedi sud rasmiysi Kristina Botirova.

Yekaterinburgda IShIDga aloqadorlikda gumonlanib hibs etilgan qirg‘izistonlik o‘zbek muhojiri

Yekaterinburgda IShIDga aloqadorlikda gumonlanib hibs etilgan qirg‘izistonlik o‘zbek muhojiri

Rossiya FSBsi tomonidan matbuotga chiqarilgan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi muhojirlar ular orasiga singdirilgan maxsus josus yordamida qo‘lga tushirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, operativ xodim bu guruh bilan aloqaga chiqqan, ular bilan yaqin munosabatlar tiklagan va ishonchga kirgan. Biroz vaqtdan keyin ayg‘oqchi yangi tanishlaridan uni Suriya hududiga yuborishga ko‘maklashishni so‘ragan.

Terrorchi guruhlarga aloqadorlikda gumonlanayotganlar unga qalbaki pasport yasab bergani, bu hujjatga Gurjistonga chipta sotib olgani aytildi. Tbilisida jihodga otlangan josus yigitni boshqa yo‘l boshlovchi kutib olib, uni avtomobilda Turkiya orqali “Islom davlati” jangarilar guruhi hududiga olib o‘tib qo‘yishi rejalashtirilgan edi.

Maxsus amaliyot paytida rus maxfiy xizmati xodimlari “jihodchi”ga ko‘maklashgan barcha o‘zbek-qirg‘iz migrantlarni qo‘lga oldi.

Tergovchilar sudga bu “jinoiy guruh” boshlig‘i O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 19 yoshli “O‘g‘li Hayrullo” ekani to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etgani ma’lum. Fsbchilar “O‘g‘li Hayrullo ” kunduzi maishiy texnika sotuvchi do‘konda yuk tashuvchi bo‘lib ishlagani, kechasi esa, ayblov materiallariga ko‘ra, “o‘zga din vakillariga qarshi adovatga va ularga qarshi qurol bilan kurashish zarurligiga” da’vat etgan.

Ozodlik o‘z manbalaridan guruhga rahbar bo‘lgani taxmin qilinayotgan yigitning ismi Muhammadali Xayrullo o‘g‘li bo‘lib, u 1997 yilda O‘shning O‘zgan tumanida tug‘ilganini aniqladi. Shuningdek, bu shaxslarning ko‘pchiligi joriy yilning aprelida Moskvaning Shimoli-Sharqiy okrugida qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ulardan biri jalolobodlik 21 yoshli Nuriddin Aydarov nomiga berilgan pasportni taqdim etgan shaxs hibs etilgan kun politsiya tuman boshqarmasi binosining 5 qavatidan pastga sakrab, olingan og‘ir jarohatlardan o‘lgani xabar qilingan edi.

Ozodlik so‘nggi paytlarda Rossiyaning turli mintaqalarida “Islom davlati” jangarilar guruhi va boshqa “terrorchi, ekstremistik islomiy guruhlarga” a’zolikda ayblanib hibs etilgan o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

Moskvada birgina mart oxirida “Islomiy ekstremist va terrorchilarga” qarshi olib borilgan amaliyotlar davomida “Islom davlati” terrorchi guruhiga mansub 20 nafar odam qo‘lga olingani aytilgan. Biroq, ularning aksari keyinroq oddiy ma’muriy qonunbuzarlik va hujjat qalbakilashtirishda ayblangani, qolganlari esa ozodlikka chiqarilgani borasida Rossiya ommaviy axborot vositalari hozircha lom-mim deganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG