Линклар

Jizzax viloyati hokimi buyrug‘iga ko‘ra, viloyatdagi byudjet tashkilotlari ishchilari g‘o‘zani “shamollatish” tadbiriga jalb etildi. Har bir ishchi-hasharchi zimmasiga bir gektar g‘o‘za maydonidagi egatda birma-bir yurib chiqish vazifasi yuklatilgan. Bunday "shamollatish" mualliflariga ko‘ra, egatlar oralanganda g‘o‘za tanasi shamollab, ko‘saklarning tezroq ochilishiga yordam beradi.

Jizzaxdagi g‘o‘zalarni “shamollatish” tadbiri haqida Ozodlikka xabar qilgan manbaga ko‘ra, ushbu jarayonga viloyatdagi barcha byudjet tashkiloti ishchilari jalb qilingan:

“Jizzaxda paxta terimiga juda qattiq tayyorgarlik ketayapti. Viloyat hokimi Sayfiddin Ismoilov har kuni ikki mahal ertalab va kechqurun shu bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayapti. Tashkilot rahbarlari ham hokimdan norozi. Hamma rahbarning joniga tegib ketdi shu hokim. Yaqinda hokim “Har bir tashkilotdan 20-30tadan odam chiqarilsin dalaga, ularni paxta orasida u yoqdan bu yoqqa qarab yurgizinglar. G‘o‘zalarni shamollatinglar, shunda tezroq ochiladi” deb topshiriq bergan”, dedi ismi ochiqlanmaslik va ovozi yozib olinmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan jizzaxlik manba.

Jizzax viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi bu xabarni inkor qilmadi¸ faqat byudjet tashkilotlarining bu “shamollatish”da o‘z tashabbusi bilan qatnashayotganini iddao qildi:

“Hozir g‘o‘zalar bir-biriga yopishib turibdi. G‘o‘za barglari dimlanib qolgan. Odam ichidan yurib o‘tsa, shamol kiradi. Egatlar oralanganda¸ albatta¸ g‘o‘za tanasi nafas oladi. Bu esa ko‘saklarning tezroq ochilishiga yordam beradi. O‘shani shamollatish deyiladi. Hasharga chiqqan hamma tashkilotlar xar bir xodimiga bir gektardan joy bo‘lib berilgan. Shu har bir egatni oralab chiqsa¸ shamollaydi”, dedi viloyat hokimligining ismini ochiqlamagan mas’uli.

Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik fermerlardan birining aytishicha, “shamollatish” tadbiri viloyatda ilk bor o‘tkazilmoqda:

“Birinchidan, g‘o‘zalar yaxshilab chekanka qilinsa, o‘sha paytning o‘zida g‘o‘zalar shamollaydi. Chilpish payti¸ albatta¸ g‘o‘zalar orasi ochiladi. Ikkinchidan, chekanka qilingach, g‘o‘za barglari sun’iy to‘ktirilib, bargsizlantiriladi¸ ya’ni defoliatsiya qilinadi. Ko‘pchilik fermerlar pulni tejash uchun defoliatsiya qildirmaydi yoki puli yo‘q buni qildirishga. Hozir kimning dalasi defoliatsiya qilinmagan bo‘lsa, o‘sha yerda “shamollatish” tadbiri o‘tkazilayapti. Lekin oldingi yillari bunaqa ish qilinmagan. Bu hokimimizning yangiligi”, deya kuldi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan jizzaxlik fermer.

Bu 2010 yildan beri Jizzax viloyatiga hokimlik qilib kelayotgan Sayfiddin Ismoilov berayotgan ajabtovur buyruqlarning birinchisi emas.

O‘tgan oy oxirida Jizzaxdagi byudjet idoralari xodimlaridan eksport uchun yetishtirish rejalashtirilayotgan sabzavot - gulkaram urug‘i uchun¸ hokim buyrug‘i bilan¸ 40 ming so‘mdan pul yig‘ish topshirildi. Ayrim tashkilotlardan pulni "Mikrokreditbank"ka topshirish, ayrimlaridan esa sabzavotni ekib, hosilni yetkazib berish talab qilinmoqda.

Viloyat hokimligiga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra, hokim Bosh vazirga bu yil gulkaram yetkazib berishni va’da qilgan va bu va’dani "halollash" uchun ana shunday qaror qabul qilgan.

XS
SM
MD
LG