Линклар

Ko‘pni ko‘rgan yaxshida! Albatta, 150 ka kirganim yo‘q, lekin baribir ancha-muncha narsani ko‘rib qo‘ydim.

Masalan, Gorbachevning qayta qurish yillarida o‘zini o‘zi qayta qurganlarni ko‘rdim. Ko‘rdimgina emas, men ham o‘zimni qayta qurdim: alohida “Qayta qurish daftari” tutishga majbur qilishdi ishxonada. Tutdik. Unga o‘zimizni qayta qurish rejasini yozdik.

“O‘zni qayta qurish” iborasi qanchalik beo‘xshov bo‘lmasin, daftarni tut deyishdi – tutdik!

Hatto narsisslar ham aytmadi “ota-onam meni mukammal tuqqan”, deb. Aytolmadi.

Shunaqa zamon edi.

Ham yaxshi zamon edi. Direktorimizni “tikkasidan o‘qishni” boshladik. Obkomdan kelgan vakil tanqidimizga quloq solarkan, ko‘zlarimizga mo‘ltiradi.

Bu bir misli ko‘rilmagan ne’mat edi. Hurriyat edi. Buning uchun bitta emas, o‘nta “Qayta qurish daftari” tutishga tayyor edik.

26-27 yil ortdagi davrga fikran razm soliiib turib, o‘zim va men vakili bo‘lgan avlod o‘sha 3-4 yilgina muddat ichida chindan ham qayta qurilib qolganiga iqror bo‘lib o‘tiribman. Balki sizga yolg‘on, lekin o‘zimga chin - ichimda hanuz Qayta qurish o‘ti bor.

Bugun Tashqi ishlar vazirligi Virtual qabulxona ochganini bilib, avvaliga kulgim keldi. Kuldim ham. Uni (Virtual qabulxonani) o‘zimning “Qayta qurish daftari”mga o‘xshatdim. Axir vazirga ham aytishganda “qabulxona och va u virtual bo‘lsin”, deb.

Dunyoning barcha mintaqalaridan jismoniy va yuridik shaxslar kunu tun (ta’kid meniki -S. U.) o‘z savol, ariza, shikoyat va takliflari bilan bevosita Tashqi ishlar vaziriga murojaat etishlari mumkin, deyilibdi bu haqdagi xabarda.

Takror aytaman. Kuldim. Lekin kula-kula o‘ylab qoldim. Ajabmas, dedim. Axir bir vaqtlar “Qayta qurish daftari” meni o‘zgartirganday, Virtual qabulxona vazirlikni o‘zgartirar?

Shu bahona elchiliklaru konsulliklar yordam so‘rab kelgan vatandoshlariga yordam berishga – o‘zlarining xizmat vazifalarini bajarishga - o‘rganib qolar?

Chem chyort ne shutit? deyishadku, to‘g‘rimi?

Ha, shunday bo‘lishi mumkin.

Faqat buning uchun Mirziyoev ochganidan so‘ng turli vazirlik va idoralarda ochilayotgan virtual qabulxonalar 4 dekabrgacha emas, sal uzoqroq – kamida 3-4 yil ishlashi, chinakamiga ishlashi kerak!

Meni va men mansub bo‘lgan avlodni qayta qurgan Qayta qurish shuncha yilga cho‘zilgan edi.

XS
SM
MD
LG