Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2025, Тошкент вақти: 05:52

Gulnora uyi tintuviga boshchilik qilgan general bojxonaga rahbar bo‘ldi


Gulnora Karimova ustidan uy qamog‘ini Prezident xavfsizlik xizmati nazorat qiladi
Gulnora Karimova ustidan uy qamog‘ini Prezident xavfsizlik xizmati nazorat qiladi

O‘zbekistonning sobiq prezidenti xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgan Muidjon Tohiriy Davlat Bojxona qo‘mitasining raisi etib tayinlandi.

Muidjon Tohiriy haqidagi ma’lumot Davlat bojxona qo‘mitasi saytida paydo bo‘ldi
Muidjon Tohiriy haqidagi ma’lumot Davlat bojxona qo‘mitasi saytida paydo bo‘ldi

1967 yil hozirgi Navoiy viloyati hududida tug‘ilgan Muidjon Tohiriyning Bojxona qo‘mitasi raisi etib tayinlanishi Shavkat Mirziyoev prezident sifatida qasamyod qilganidan buyon hukumatda boshlangan yirik o‘zgarishlarning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

General-mayor Muidjon Tohiriy 2013 yilda prezidentning qudratli xavfsizlik xizmatini ko‘p yillar davomida boshqargan Ahat Nosirov o‘rnini egalladi va ushbu xizmatga uch yil rahbarlik qildi.

Ungacha Tohiriy ikki yil davomida Respublika rahbari davlat maslahatchisi, Milliy Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Muidjon Tohiriy 2000-yillarda Namangan va Andijon viloyatlari Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmalarida rahbar lavozimlarda faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Milliy xavfizlik xizmatining yosh generali Muidjon Tohiriy haqida ma’lumotlar nihoyatda cheklangan.

U haqda ilk ma’lumot marhum prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning uyi tintuv qilinishi ortidan paydo bo‘ldi.

Tohiriy boshqargan tintuv

@Persona887788 akkaunti egasi Tvitterda tintuv qog‘ozini ham ilova qilgan
@Persona887788 akkaunti egasi Tvitterda tintuv qog‘ozini ham ilova qilgan

Bojxona qo‘mitasiga tayinlangan general-mayor Muidjon Tohiriy, sobiq prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova iddaosicha, 2014 yili fevralida uning uyida o‘tkazilgan tintuvga shaxsan rahbarlik qilgan.

O‘shanda bu haqda Twitter tarmog‘ida Free Gulnara (SOS) xeshtegi ostida xabar tarqatgan @Prersona887788 akkaunti tintuv hujjatini taqdim qilgan. Kimligi ma’lum bo‘lmagan bu akkaunt egasi hujjat nashr qilish barobarida, Muidjon Tohiriy Gulnora Karimovani urganini ham iddao qilgandi.

Shuningdek, Gulnora Karimovaga yaqin manbaning Ozodlikka ma’lum qilishicha, uning Toshkentdagi kvartirasida tintuv o‘tkazgan kishilar bu yerda hozir bo‘lganlarning mobil telefonlari va kompyuterlarini olib qo‘yganlar, ushlanganlarni esa Bosh prokuraturaga olib ketganlar.

Rossiya axborot vositalari, tintuvdan keyin Gulnora Karimovaning uyida bo‘lgan uch shaxs - uning fuqaroviy eri Rustam Madumarov, shaxsiy yordamchilari Gayane Avakyan va Yekaterina Klyueva - hibsga olingani haqida xabar qildi.

Xabarlarda tintuv chog‘ida Gulnora Karimovaning qizi Iymon Karimova hushidan ketgani, so‘ng ona-bola shifoxonaga olib ketilgani iddao qilingandi.

Gayane Avakyan O‘zbekiston mahkamasi hukmi bilan qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri Rustam Madumarov ham 2014 yili O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan odam o‘g‘irlaganlik ayblovi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2016 yil noyabr oyi oxirida Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga gapirgan Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov onasining Toshkentda uy qamog‘ida qolayotganini aytdi.

Prezident Xavfsizlik xizmatiga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra, Gulnora Karimova ustidan uy qamog‘ini hozir ham Prezident xavfsizlik xizmati nazorat qiladi

"Juda kamsuqum odam"

Muidjon Tohiriyni sirtdan tanishini aytgan huquq-tartibot idoralarida ishlagan yuqori martabali zobitning Ozodlikka ma’lum qilishicha, so‘nggi o‘zgarish "prezident Shavkat Mirziyoev o‘z komandasini tuzishga kirishganini ko‘rsatadi".

"Shavkat Mirziyoev o‘zi bilgan va ishongan odamlarni muhim postlarga ko‘ya boshladi. Muidjon Tohiriy tamojnyaga boshliq bo‘lib ketgani, uning chetlashganini anglatadi. Bu lavozimda uzoq qolmasligi aniq," deydi yuqori martabali zobit.

Biroq, Muidjon Tohiriy haqida qator maqolalar muallifi, uzemtronom.com sayti muharriri Sergey Yejkovning aytishicha, Muidjon Tohiriyning yangi vazifaga tayinlanishi, amalda, prezidentning unga bo‘lgan ishonchiga misol bo‘la oladi.

Sergey Yejkov Muidjon Tohiriyga "juda kamsuqum odam", deya ta’rif berdi.

- O‘zbekistondagi sharoitda bir amaldor o‘zgalar biznesini tortib olmasa - bu yaxshi alomat. (Muidjon Tohiriy) davlatga xizmat qiladi. Shuning o‘zi yetarli. Boshqa generallardan farqi shundaki, odamlar orasida unda qandaydir biznes bor, puli bor, degan gap-so‘z yo‘q. Muidjon Tohiriy juda kamsuqum odam va o‘z obro‘sini qandaydir tijoriy "razborka"lar bilan bulg‘amagan, - dedi Sergey Yejkov.

Prezident Xavfsizlik xizmati rahbarligiga kimning tayinlangani Ozodlikka hozircha aniq emas.​

Ammo, prezident xavfsizlik xizmatiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, Shavkat Mirziyoev "boshidanoq bu lavozimga o‘ziga yaqin odamni olib kelishi aniq edi".

O‘zbekiston hukumatiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, Shavkat Mirziyoev prezident xavfsizlik xizmati tarkibini keskin qisqartirmoqda.

Sobiq prezident Islom Karimov davrida ushbu xizmatda yuzlab zobitlarning ishlagani ma’lum.

Tohiriy bojxona qo‘mitasini 2011 yildan beri boshqarib kelgan Zohid Dusanov o‘rnini egalladi.

Dusanov esa O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentiga rahbar bo‘lib ketgan.

Zohid Dusanov Bojxona qo‘mitasi rahbar bo‘lishidan avval uch yil davomida ayni departamentni boshqargandi.

O‘zbekiston hukumati portalining vazirliklar, qo‘mita va idoralar rahbarlariga oid qismi hozirga qadar ham yangilangani yo‘q.

XS
SM
MD
LG