Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 09:02

Migrantlar: Rossiyaga uy qilaman deb borib uyi buzilgan muhojir oila hikoyasi


Rossiyada qancha o‘zbek muhojirlarining farzandi yashayotgani borasida aniq statistika  yo‘q. Illyustrativ surat.
Rossiyada qancha o‘zbek muhojirlarining farzandi yashayotgani borasida aniq statistika  yo‘q. Illyustrativ surat.

Oxirgi yillarda balog‘atga yetmagan farzandlari va turmush o‘rtoqlarini O‘zbekistondan Rossiyaga olib kelayotgan mehnat muhojirlari soni ko‘paydi. Biroq ayrim hollarda yo‘qchilik, maishiy va oilaviy muammolar bu oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

9 yashar Bahora Usmanova Rossiyadagi yuz minglab o‘zbek muhojirlaridan biri. U yosh bo‘lishiga qaramay, muhojirlikning achchiq nonini tatishga ulgurgan.

Bundan bir necha hafta oldin Bahora va uning uch yashar ukasi Abubakr Moskva viloyati Ramenskiy tumanidagi kafelardan birida o‘zbek muhojirlari tomonidan topib olingan. Keyinroq muhojir qizaloq va uning jajji ukasini kafega onasi tashlab ketgani aniqlangan. O‘zbekistonlik faollar bolalarning otasini izlab topishga muvaffaq bo‘lganlar.

9 yashar Bahora Usmonovanig taqdiriga internetdagi jamoatchilik faollari e’tibor qaratishgan. Moskva, 22-iyun, 2022
9 yashar Bahora Usmonovanig taqdiriga internetdagi jamoatchilik faollari e’tibor qaratishgan. Moskva, 22-iyun, 2022

Bahora va Abubakrning otasi 1965-yilda tug‘ilgan Sobirjon Usmonov ekani aniqlangan.

Sobirjonning iddao qilishicha, bolalarining onasi oilasini tashlab, "ketib qolgan".

- Bolalarni menga tashlamasdan, ko‘chadagi kafega tashlab ketgan. Yo‘ldan “Bolalarni kafedan borib oling!”, deyapti. Ilgari ishlagan joyimga, Ramenskoyedagi kafega. Ishimni tugatgunimcha bularga bir opa yordam qildi.

Kasbim o‘zi sartarosh. Moskvaga uy qilaman, deb kelganman. Otamning hovlisida turaman hozir. Shu yilning oktabr oyida oilamni olib keluvdim. Domodedovoda ishladim, xotinim bolalar bilan uyda o‘tirardi. Xullas, oilam buzilib ketdi. To‘qchilikdanmi, yo‘qchilikdanmi – bilmadim, nega ketdi. To‘g‘ri, birovga qarz berib, bir oycha qiynalib qolgandik, deydi o‘zbek muhojiri.

Bahoraning orzusi tish do‘xtir bo‘lish. 9 yashar qizaloq onasi har kuni tushiga kirishini aytadi.

- O‘zbekiston Rossiyadan ko‘ra yaxshi. Chunki Rossiya yomonligini bildim-da – oyim bilan otam Rossiyaga kelib ko‘p qiynaldi! O‘zbekistonda melisalar gapirmasangiz, telefon qilmasangiz kelishmaydi. Rossiyada esa telefon qilmasangiz ham kelaverishadi. Rossiyada qiyin, produktangiz yo‘q. O‘zbekistonda esa hamma narsangiz bor, o‘zbek pulini ishlatasiz. Katta bo‘lganimda tish do‘xtir bo‘laman. Onam bilan otam yarashib ketishlarini, uyimiz, mashinamiz bo‘lishini xohlayman. Onamni sog‘inganimda yig‘lab turaman...

57 yoshli Sobirjon ikki farzandni onasiz tarbiyalash juda qiyin ekanini aytadi.

Sobirjon Usmonov.
Sobirjon Usmonov.

Biroq bu qiyinchiliklarga qaramasdan u farzandlarini hech kimga topshirmasdan o‘zi tarbiya qilmoqchi.

- Taqdiri, inshaalloh, yaxshi bo‘ladi. O‘zim tarbiya qilaman bularni. O‘zbekistonga borib, uni onalik huquqidan mahrum qilaman. Musofir yurtda qiynalganimni bolalarim biladi, o‘zim bilaman.

Ammo ona jamoatchilik faollari bilan suhbatda o‘z bolalarini tashlab ketmagani, farzandlaridan ham voz kechmaganini aytdi.

- Men uni ko‘rishni istamayman. Bolalarim menga kerak. Shu paytgacha bolalarimni boqqanman – bundan keyin ham boqaman!

- Nima uchun tashlab ketyapsiz bolalarni, olib ketmayapsiz?

- U o‘zi O‘zbekistonga ketyapti ekanku. Men esa ishlashim kerak – O‘zbekistonga borganim bilan yashashga uyim yo‘q. Men erimni yuzini ko‘rishni ham xohlamayman! Bolalarimni esa ko‘rishga boraman. Men ulardan voz kechmayman!

Sobirjon "Suyanch.uz" jamoatchilik guruhi faollari ko‘magida hozircha boshpana topgan, bu oila taqdiriga befarq bo‘lmaganlar ko‘magida oilasini boqmoqda.

Ammo Bahora va Abubakrni O‘zbekistonga olib ketish uchun ularning hozircha hech qanday hujjatlari yo‘q.

- U ZAGS qog‘ozi, bolalarning metrikalarini kimningdir qo‘liga tashlab kelgan. Zaloggami, qarzga berganmi... Iloji bo‘lsa, yosh kelinlar oilasi bilan Rossiyaga kelmasin, mana, menga o‘xshab buzilib ketyapti oilalar, deya nasihat qiladi Sobirjon.

Ozodlik bilan suhbatlashgan «Migrant.mobi» portali asoschisi huquqshunos Botirjon Shermuhammad esa, aksincha, migrantlarga Rossiyaga o‘z oilalari bilan kelishni tavsiya qiladi:

- Erning bir yilda bir O‘zbekistonga uyga borishi oilani buzmaydimi? Yoki ularning oilasi, farzandlari bilan munosabatlariga ta’sir qilmaydimi? Tasavvur qiling, 10-15 yillar davomida bir uyiga borib keladigan muhojirlar bor! Asosiy vaqti esa Rossiyada o‘tyapti. Ularning farzandlari ularsiz katta bo‘lyapti, turmushga chiqqan, uylangan. Ayollari esa erlarini bir yilda bir marta ko‘rgan. Buni ham oilaviy muhitga, mehrga albatta ta’siri bo‘ladi. Shaxsan men muhojirlarning oilasi bilan kelishi tarafdoriman, sababi oila bilan kelgan muhojir o‘zida ko‘proq mas’uliyat sezadi. Hujjatlarini rasmiylashtirib, qonuniy yurishi, turli jinoiy ishlarga qo‘l urmasligi turgan gap, chunki unga biror narsa bo‘lsa, bu yerda turgan oilasi ko‘chada qolishi mumkin.

Rossiyada qancha o‘zbek muhojirlarining farzandi yashayotgani borasida aniq statistika yo‘q.

2021-yilda Rossiya Maorif va fan vazirligi mamlakat maktablarida 140 mingdan ziyod muhojir farzandlari tahsil olayotgani to‘g‘risida hisobot bergandi. Ammo yana qanchasi maktabga borish imkoniyatidan mahrum ekani noma’lumligicha qolmoqda.

Shuningdek, bu bolalarning yashash sharoitlari, ularning oddiy huquqlari ta’minlanishi masalasi qay ahvolda ekani ham savol ostida.

Migratsiyadagi qiyin ahvolda yashayotgan er va xotin o‘rtasidagi iqtisodiy, maishiy qiyinchiliklar va boshqa kelishmovchiliklar bolalar ruhiyatiga qanday ta’sir qiladi?

Bu savolga oila psixologi Rustam Gabdulxakov shunday javob berdi:

- So‘zsiz, bu bolalar uchun travma. Ularning hayolidagi olam qulayapti, ota-ona, oila tarqalyapti, ota va ona ketyapti... Boshqa tomondan, odatda bunday vaziyatdan o‘tgan bolalar o‘zini kelajakda tez topib ketadi, chunki bu qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, bunday holatga tushgan odamlarni, bolalarni yaxshi tushunadi. Aynan shunday dardni yuragida saqlab qolgan bolalardan kelajakda ota-ona va bola muammosini yaxshi tushunadigan mutaxassis yetishib chiqadi. Chunki ular bu kechinmalarni o‘zlaridan o‘tkazgan.

Bahora va uning ukasi bilan bog‘liq voqea tezda jamoatchilik nazariga tushdi. Qisqa muddat ichida internetda tanilgan Bahoraning oilasiga ko‘pchilik yordam qo‘lini cho‘zishga shoshildi.

Bahora esa onasining qaytib kelishidan umidini uzgani yo‘q.

- Men “Onajonim, oldimga keling, otam bilan yarashib oling”, degan bo‘lardim. Otam men uchun onamni kechirmoqchi. Axir, onam meni tug‘ib katta qildi, o‘zi yemay ichirdi..."

XS
SM
MD
LG