Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2025, Тошкент вақти: 14:45

Afg‘oniston chegarasi yaqinida xalqaro savdo markazi ish boshladi


"Termiz xalqaro savdo markazi"ning ochilik marosimidan lavha, 2024-yil 29-avgusti (gov.uz fotosi)
"Termiz xalqaro savdo markazi"ning ochilik marosimidan lavha, 2024-yil 29-avgusti (gov.uz fotosi)

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida joylashgan Termiz shahrida 29-avgust kuni Xalqaro savdo markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatov ma’lumotiga ko‘ra, markazning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ishtirok etishgan.

Marosimda ramziy tasma kesilgani ortidan o‘zbek rasmiylari Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston delegatsiyalari va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillarini markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirishgan.

Xabarnomada Termiz xalqaro savdo markazi “qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida” barpo etilgani urg‘ulangan.

Termiz xalqaro savdo markazi O‘zbekiston prezidenti tomonidan bundan uch yarim oy muqaddam imzolangan qaror asosida tashkil etilgan.

“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi mazkur qarorda markaz hududida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat etilishi qayd qilingan.

Shuningdek, hujjat bilan xalqaro markaz hududida ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida istisno tariqasida o‘zbek so‘mi bilan bir qatorda AQSH dollari, Rossiya rubli, yevro va yuan kabi valyutalarni qabul qilishga ruxsat etilgan edi.

XS
SM
MD
LG