Линклар

Шошилинч хабар
10 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:16

Aholi ro‘yxatga olish tadbiri 2026-yil yozida o‘tkazilishi mumkin


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-iyulidan 21-avgustiga qadar o‘tkazilishi rejalanmoqda.

Statistika agentligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan “O‘zbekiston Respublikasida 2026 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasida ana shu muddat ko‘rsatilgan.

Hujjatda bir qator hozirlik tadbirlari belgilangan. Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Mahallalar uyushmasi va Kadastr agentligi 2025-yil 1-iyuligacha aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazishi kerak.

Parlamentga esa 2025-yil 1-sentyabridan 2026-yil 1-sentyabriga qadar respublika bo‘ylab ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponomik obyektlarga nom berish va ularni yangilash ishlarini vaqtincha to‘xtatish tavsiya etilgan.

Rejaga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish planshet qurilmalari yordamida o‘tkaziladi. Buning uchun zarur texnik va dasturiy vositalar Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.

Avvalroq Statistika agentligi vakili aholini ro‘yxatga olish uchun 800 milliard so‘m mablag‘ talab etilishini aytgan.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish so‘nggi bor 1989-yilda o‘tkazilgan.

Dastavval ro‘yxatga olish tadbiri 2022-yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangandi. Koronavirus pandemiyasi vajidan bu muddat 2023-yil noyabriga, so‘ng 2026-yilga ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG