2024-yil davomida davlat xaridlari tizimida 263,9 milliard so‘mlik noqonuniy xarid natijalari bekor qilindi, deya ma’lum qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Monitoringlar mobaynida 552,5 milliard so‘mlik 273 ta xarid o‘rganilgan va 234 ta holatda qonunga zid harakatlar aniqlangan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha vazirlik va idoralarga xaridlarni bekor qilish bo‘yicha yuzlab taqdimnoma kiritilgan. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 52 ta, Transport vazirligiga 30 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 23 ta shunday murojaat yuborilgan.
Xaridlar natijalari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga 273 ta so‘rovnoma yo‘llangan. Qonunchilik talablarini buzgan 104 nafar shaxs ma’muriy, 85 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Aksilkorrupsiya agentligi avvalroq e’lon qilgan statistikaga ko‘ra, 2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3837 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shu turdagi jinoyatlar oqibatida 2023-yilda davlat manfaatlariga 1,4 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.