Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:24

Amsterdamda Falastin tarafdori bo‘lgan namoyishchilar ushlandi


Amsterdam politsiyasi vakillari shahar markaziy maydonida, 2024-yil 10-noyabri
Amsterdam politsiyasi vakillari shahar markaziy maydonida, 2024-yil 10-noyabri

Amsterdamda 10-noyabr kuni rasmiy taqiqlarga qaramasdan shahar markaziy maydonida yig‘ilishga qaror qilgan yuzdan ziyod Falastin tarafdori qo‘lga olindi. Mazkur taqiq isroillik futbol ishqibozlariga hujumlar ortidan joriy etilgandi.

Yakshanba kuni yuzlab namoyishchi “Falastinga ozodlik” va “Amsterdam genotsidga “yo‘q” deydi” degan shiorlarni hayqirib, Amsterdam markaziga chiqqan. Bu Isroilning G‘azo sektorida Falastinning HAMAS radikal guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) bilan kurashi doirasidagi harbiy harakatlariga qarshi galdagi chiqish edi. Isroil genotsidga oid ayblovlarni rad etib keladi.

Mahalliy sud shahar kengashining ko‘cha aksiyalariga vaqtincha taqiqini dastaklaganidan keyin politsiyachilar markaziy maydonga yig‘ilganlarni tarqalishga chaqirgan, ayni paytda ular ichida yuzdan ziyod odam qo‘lga olingan.

Namoyishlarga taqiq “Makkabi” (Tel-Aviv) va “Ayaks” (Amsterdam) futbol klublari o‘rtasida payshanba kuni bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng isroillik futbol ishqibozlariga nisbatan zo‘ravonlik tufayli 8-noyabr kuni kiritilgan edi. Hujumchilarning ayrimlari qo‘llarida Falastin bayroqlarini ko‘tarib olishgan hamda arab va turk tillarida “Falastinga ozodlik” shiorini qichqirib borishgan. Mazkur hujumlar natijasida kamida besh kishi kasalxonaga tushgan. Bu hujumlarni Niderlandiya rasmiylari hamda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu doxil qator liderlar antisemitcha deb qoralashgan. O‘shanda 60 dan ziyod odam ushlangan edi.

Isroil rasmiylari 10-noyabr kuni o‘z yurtdoshlarini yaqin hafta ichida isroilliklar ishtirokida xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan madaniy va sport tadbirlariga bormaslikka chaqirishgan. Netanyahu ofisi bayonotida Falastin tarafdori bo‘lgan guruhlar Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya va boshqa qator mamlakatlarda isroilliklarga zarar yetkazmoqchi ekani aytilgan. Avvalroq Isroil o‘z fuqarolarini Amsterdamdan evakuatsiya qilish uchun reyslar tashkil qilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mingga yaqin isroillik vataniga olib chiqib ketilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ofisi davlat rahbari Fransiya va Isroil terma jamoalari o‘yini bo‘lib o‘tadigan 14-noyabr kuni Parijdagi “Stad de Frans” stadionida futbol ishqibozlari bilan birga bo‘lishini e’lon qilgan. Makronning bu qarori “Amsterdamdagi o‘yindan keyingi yo‘l qo‘yib bo‘lmas antisemitizm hodisalari ortidan birodarlik va birdamlik mujdasi”ni yo‘llashga qaratilgan, deyilgan Fransiya prezidenti ofisi bayonotida.

Isroil 2023-yil oktyabrida HAMAS guruhi mamlakat janubiga hujum uyushtirgani ortidan G‘azo sektorida harbiy amaliyot boshlagan edi. HAMAS hujumlari chog‘ida 1200 nafar isroillik halok bo‘lib, 250dan ziyod odam garovga olingani aytiladi. HAMAS nazoratida bo‘lgan G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil qo‘shinlarining sektordagi hujumlari natijasida 43 ming nafar falastinlik o‘ldirilganini bildirgan. Bu ma’lumotlar boshqa manbalar tomonidan tasdiqlangan emas

XS
SM
MD
LG