Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 21:12

Andijonda sobiq hokim yangi lavozimga tayinlandi


Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev qabuliga kelganlarga poygakdan joy bergani ortidan "tanilib" ketgan edi (ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat)
Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev qabuliga kelganlarga poygakdan joy bergani ortidan "tanilib" ketgan edi (ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat)

Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Andijon viloyati kengashi raisi lavozimiga tayinlandi.

2024-yil 18-dekabr kuni amalga oshirilgan tayinlovdan jamoatchilik qariyb bir oy o‘tib xabar topmoqda.

Kun.uz nashrining aniqlik kiritishicha, sobiq hokim so‘nggi vaqtlarda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Andijon viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

2021-yil fevralidan 2022-yil sentyabrigacha Andijon tumaniga hokimlik qilgan Abdujabbor Egamberdiyev sayyor qabulda fuqarolarga poygakdan joy bergani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan, jamoatchilik uni “o‘zini hokim emas, xondek tutayotgan”ini tanqid qilgan edi.

Ozodlik avval xabar qilganidek, Egamberdiyev boshqa to‘rt nafar tuman hokimi bilan bir qatorda mamlakat prezidentining 2022-yil 27-sentyabr kungi qarori asosida “davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun” ishdan olingan edi.

Keyinchalik Abdujabbor Egamberdiyev sudlangani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudining 2023-yil 8-fevraldagi hukmiga muvofiq u o‘zboshimchalik, mansabga sovuqqonlik bilan qarash hamda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Ikki yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan sobiq hokimga ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Oliy sud o‘tgan yil boshida Egamberdiyevga tayinlangan jazo yumshatilganini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG