Turkiya poytaxti Anqarada noma’lumot shaxslar TUSAŞ aerokosmik shirkati binosi oldida bomba va o‘qotar qurollar bilan hujum uyushtirishdi. Hujum turkiyalik rasmiylar tomonidan terror xuruji o‘laroq malakalanmoqda.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqaya ma’lumotiga ko‘ra, hujum chog‘ida uch kishi halok bo‘lgan, 14 kishi yaralangan. Mulozim terrorchi ekani iddao qilinayotgan ikki kishi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirganini ham bildirgan.
Vazir Yerliqaya ma’lumoti ortidan hozirda BRIKS sammitida ishtirok etish uchun Qozon shahrida bo‘lib turgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hujum chog‘ida to‘rt kishi qurbon bo‘lganini bildirgan.
Turkiyaning NTV telekanali xabariga ko‘ra, hujumchilar TUSAŞ binosi oldiga oddiy taksida yetib kelishgan. Ular qurollarini olib, bino ichiga kirishga urinishgan, biroq qo‘riqchilar tomonidan to‘xtatib qolingan, shundan so‘ng portlash yuz bergan.
Hujum ortidan bino ichida otishma davom etgan. Voqea joyiga ko‘plab “tez yordam” mashinalari yo‘llangan, hudud xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shirkat xodimlariga ishlayotgan xonalariga qamalib olish buyurilgan. Bu orada ayrim nashrlar terrorchilar binoda bir necha kishini garovga olgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilishgan.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha Anqara prokuraturasi tomonidan tergov boshlatilganini ma’lum qilgan.
TUSAŞ Turkiyaning uchoqlar, vertolyotlar, dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik shirkatlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.