Bashar Asad rejimi qulagani ortidan 8-dekabr kuni AQSH harbiylari Suriyaning markaziy hududidagi “Islom davlati” obyektlariga 75 tadan ziyod havo zarbasi bergan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujumdan maqsad ko‘plab mamlakatlarda terror tashkiloti deb tan olingan guruhning ayni damda Suriyadagi beqaror vaziyatdan foydalanib qolishining oldini olish bo‘lgan.
“Suriyadagi barcha tashkilotlar bilishlari kerakki, agar ular “Islom davlati” bilan hamkorlik qilsalar yoki unga qandaydir qo‘llov ko‘rsatsalar, biz ularni javobgarlikka tortamiz”, deya bildirgan AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Maykl Erik Kurilla.
Havo amaliyotida B-52 strategik bombardimonchi uchoqlari, F-15 qiruvchi uchoqlari va A-10 hujumchi uchoqlaridan foydalanilgan. Xabarnomada “tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganiga doir hech qanaqa alomat yo‘q”ligi qo‘shimcha qilingan.
Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Bashar Asad rejimining qulashini “adolat tantanasi deb atagani, ayni paytda Suriyadagi hozirgi vaziyat beqaror va xatarli ekanini e’tirof etgani haqida xabar qilingan edi.
Bayden mazkur bayonotida ID Suriyadagi hokimiyatning har qanday vakuumidan foydalanib qolishga urinishi haqida ogohlantirgan. AQSH “bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi”ni ta’kidlagan Bayden avvalroq Qo‘shma Shtatlar Suriya hududidagi ID obyektlariga o‘ndan ziyod “aniq havo zarbalari” berganini qo‘shimcha qilgan.