AQSH va Saudiya Arabistoni Yaqin Sharq bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma tuzishga yaqin. Bunga oid xabarlar Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan o‘tgan hafta yakunida Saudiya rahbariyati bilan muzokaralarda “sezilarli olg‘a siljish”ga muvaffaq bo‘lgani ortidan paydo bo‘ldi, deya xabar qildi “Amerika ovozi”ning rus xizmati.
Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarda erishilgan ilgarilash haqida 20-may kuni Oq uyning milliy xavfsizlik sohasidagi aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi ma’lum qilgan. Mulozimga ko‘ra, tomonlar kelishuvga “har qachongidan ham yaqinroq” va bu “qariyb yakuniy” kelishuv bo‘lib hisoblanadi.
Vashington va Ar-Riyod AQSH tomonidan xavfsizlik kafolatlari va fuqaroviy yadroviy sohadagi yordamga oid kelishuvga yaqinlar, biroq Isroil bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalar normallashuvi to‘g‘risidagi kelishuvga hozircha erishilgan emas.
Sallivan G‘azodagi vaziyatni izga solish bo‘yicha Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan “konstruktiv” uchrashuv o‘tkazgan. Keyin esa amerikalik mulozim Isroil rahbariyati bilan mintaqada taranglikni susaytirish mexanizmini yaratish masalasini muhokama qilgan. Mazkur uchrashuvda “gumanitar tashkilotlar xodimlari muhtojlarga yordamni xavf-xatarsiz yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim”ligi urg‘ulangan.