AQSHdagi sud amerikalik to‘rt fuqaroni Qo‘shma Shtatlar hududida Rossiya foydasiga noqonuniy faoliyat olib borganlikda aybdor, deb topdi.
AQSH Adliya vazirligi saytida ma’lum qilinishicha, 12-sentyabr kuni sud tomonidan Sent-Luisda istiqomat qilib kelgan Omali Yeshitela (82 yosh), Penni Xess (78 yosh), Jessi Nevel (34 yosh) va atlantalik Ogastes Romeynni (38 yosh) xorijiy davlat hukumati foydasiga noqonuniy faoliyat olib borish uchun til biriktirganlikda aybdor deb topilgan.
Sudga taqdim etilgan ma’lumotlarga muvofiq, sudlanuvchilar yo‘q deganda 2015-yil mayidan 2022-yil iyuligacha “AQSH hududida Rossiya hukumati foydasiga faoliyat yuritishgan”.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchilarning to‘rtovi ham go‘yo “Rossiya aksilglobalistik harakati” prezidenti Aleksandr Ionov bilan aloqada bo‘lishgan. Ionovning o‘zi, tergov iddaosiga ko‘ra, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari Aleksey Suxodolov va Yegor Popov ko‘rsatmasi asosida harakatlangan.
Ionov 2022-yilda AQSHning sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan. AQSH Adliya vazirligi Ionovni, prokurorlar iddaosiga ko‘ra, “AQSHda adovat urug‘ini ekish uchun FSBga ma’lumot yetkazib turgan” amerikalik faollarning bir necha guruhi bilan uzoq yillar davomida hamkorlik qilganlikda ayblab chiqqan.
Sudlanuvchilarning har biri besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu borada sud hukmi chiqariladigan sana hali belgilangan emas. Ayblanuvchilar siyosiy qarashlari uchun ta’qib qilinayotganini aytishib, ayblovni tan olishdan bosh tortishgan.