Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2025, Тошкент вақти: 11:35

Arxeologlar Axsikentda qadimiy yerosti yo‘lini topishdi


Namangan viloyatidagi Axsikent arxeologiya yodgorligi (Madaniy meros agentligi fotosi)
Namangan viloyatidagi Axsikent arxeologiya yodgorligi (Madaniy meros agentligi fotosi)

Olimlar Namangan viloyati hududidagi Axsikent arxeologiya yodgorligida so‘nggi 50 yildagi eng nodir topilmalarni aniqlashdi.

O‘zbekiston Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, XI qazuv obyektida olib borilayotgan izlanishlar davomida arxeologlar kengligi 2,3 metrli zinapoya va bus-butun arkalarga duch kelgan. Bu yerdan 10 ming kub metr tuproq chiqarilgach, yo‘lak 12 pog‘onali ekani ma’lum bo‘lgan.

Qadimshunoslar obyektdan yana ikkita noyob yerosti yo‘lini topgan. Taxminlarga ko‘ra, har ikki arkasimon yo‘lak dastlab aniqlangan katta yo‘lga tutashadi.

“Qiziqarli tomoni, barcha yo‘laklar butun (saqlangan bo‘lib), arkasimon holda metro uslubida nafislik bilan pishiq g‘ishtdan qurilgan”, deyilgan agentlik xabarnomasida.

2024-yilgi qazuv ishlari davomida ayni shu obyektdan “italyancha” deya ta’riflangan rakovina, yerosti, polosti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari va qo‘l yuvish vositalari ham topilgandi.

Ma’lumotlarga muvofiq, 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan yodgorlik X-XIII asrlarga oid yerosti suv inshootining kuzatuv punkti, mudofaa devori, turarjoy qoldiqlari, devoriy rasm namunalari va nodir qurilmalarni o‘z ichiga oladi.

Qazuv obyektlaridan birida miloddan avvalgi III-I asrlarda barpo etilgan mahobatli mudofaa devori qoldig‘i ham topilgan.

XS
SM
MD
LG