Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:17

Atlas Party ishtirokchilarini haqorat qilgan shaxs 15 sutkaga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘tgan hafta yakunida “Zamonaviy ayollar” klubi tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan Atlas Party milliy liboslar targ‘ibot tadbiri ishtirokchilarini haqorat qilgan shaxsga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

IIV qaydicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videorolik orqali Atlas Party qatnashchilarini obro‘sizlantirishga uringan mazkur shaxs ustidan tadbirda ishtirok etgan bir necha ayol ichki ishlar organlariga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Videoda ayollarni haqorat qilgan erkak ustidan IIOga murojaat qilinganini Ozodlikning 24-aprel kuni yoyinlangan “Ozodnazar” ko‘rsatuvida mazkur tadbir ishtirokchilardan biri bo‘lgan Diyora Abdujabborova ham e’tirof etgan edi. Abdujabborova Atlas Party ishtirokchilari va ularning kiyimlari haqida haqoratli so‘zlar aytgan kishining Dilmurod Mallayev ismli shaxs ekaniga e’tibor qaratgan. IIV xabarnomasida ham tahqirli videorolikdagi shaxs “1988-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro M.D.” ekani aniqlangani urg‘ulangan.

Mallayevning videochiqishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Ayollar shikoyati ortidan 23-aprel kuni “fuqaro M.D. Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etilgan”.

U o‘zining shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda atlas targ‘ibotini olib borgan ayollarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatganligi ta’kidlab o‘tdi”, deyilgan IIV xabarnomasida.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Dilmurod Mallayevning Atlas Party ishtirokchilari bo‘lgan ayollardan uzr so‘rab chiqqani aks etgan videosi tarqalgan, biroq u shu bilangina qutulib ketgan emas.

Ushbu huquqbuzarlik holati tegishli tartibda Shayxontohur tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik») asosida M.D. ga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi”, deyilgan Ichki ishlar vazirligi xabarnomasida.

XS
SM
MD
LG