Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasida 4-dekabr kuni ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Quyi palata matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Jumladan, ushbu harakat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) miqdorida, huquqbuzarlik jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 50 baravari (18 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima belgilash rejalanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Toshkent joriy yilning 21-fevral kuni havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida birinchi o‘ringa chiqqan.
IQAir portaliga ko‘ra, o‘sha kuni poytaxt havosida PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 171 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu JSST tavsiya etgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan 34,2 barobarga ko‘pdir.
Ozodlik joriy yilning uchinchi noyabrga o‘tar kechasi ham Toshkent havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgani haqida xabar qilgandi.
Jahon banki hisobotiga muvofiq, Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etadi.