O‘tgan yilning 25-dekabrida Aqtau yaqinida qulagan Azerbaijan Airlines (AZAL) aviashirkati uchog‘ining “qora qutilari” ma’lumotlari Braziliyadan Qozog‘istonga kelgan. Qozog‘iston Transport vazirligi matbuot xizmati qaydicha, hozirda bu ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.
Bosh prokuratura vakillari Qozog‘iston huquqiy hamkorlik doirasida Rossiya va Ozarbayjonga tergov topshiriqnomalarini yo‘llaganini bildirishgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi esa AZAL uchog‘i qulashi munosabati bilan Rossiya tomonida dispetcherlik xizmatlari, havo harakatining uyushtirilish tizimi va havodan mudofaa tizimi xatti-harakatiga baho berish uchun kompleks ekspertiza tayinlanganini ma’lum qilgan.
Rossiyadagi kuch ishlatar idoralarga yaqinligi aytiladigan Baza telegram-kanali o‘z tasarrufida qulagan uchoq ekipaji so‘zlashuvlarining to‘liq rasshifrovkasi borligini iddao qilgan. Unda Grozniyga qo‘nish uchun amalga oshirilgan bir necha urinishlardan so‘ng uchuvchilar Mahachqal’a va Mineralniye Vodidagi ob-havo haqida ma’lumot so‘ray boshlashgani, biroq pirovardida ular mustaqil ravishda avvaliga Bokuga, keyin esa Aqtauga uchishga qaror qilishgani aytilgan.
Ekipaj aloqa yomonligidan shikoyat qilgan. Grozniyga qo‘nish urinishidan oldin uchuvchilar GPS signallari yo‘qolib qolganini ma’lum qilishgan, deb yozgan Baza.
Telegram-kanal mazkur rasshifrovkani qayerdan olganini ochiqlamagan. Tergov doirasida qo‘lga kiritilgan uchuvchilar orasidagi so‘zlashuvlar matni yoyinlangan emas.
O‘tgan yilning 25-dekabrida Azerbaijan Airlines aviashirkatining Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan uchog‘i Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulab tushgan edi. Aviahalokat chog‘ida bortdagi 67 kishidan 38 nafari qurbon bo‘lgan. Bu borada tergov davom etmoqda, biroq aviahalokatga Grozniy osmoni uzra zenit raketasi unsurlaridan yetgan shikast sabab bo‘lishi mumkinligi asosiy taxmin o‘laroq ko‘rilyapti.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev avariya uchun mas’uliyatni “Rossiya Federatsiyasi vakillari”ga yuklab, Rossiyadan aybdorlarni jazolash va rasman uzr so‘rashni talab qilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon uchog‘i halokati uchun uzr so‘ragan, biroq aviahalokat uchun ma’suliyatni o‘z zimmasiga olgan emas.