O‘zbekiston 2030-yilga qadar 2 million gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashi kerak. Bu masalaga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida COP16 konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan moliyaviy safarbarlik bo‘yicha vazirlar muloqotida to‘xtalgan.
“Oxirgi 5 yil davomida biz barqaror yer boshqaruvi va o‘rmonlarni barpo etish bo‘yicha tashabbuslarga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdik. Ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab moliyalashtirishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ushbu ambitsiyalarni kengaytirish uchun mustahkam moliyalash mexanizmlari va innovatsion hamkorlik kerak”, deya iqtibos keltirgan Aziz Abduhakimovdan Gazeta.uz nashri.
Vazir e’tiroficha, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish katta moliyaviy resurs talab qiladi. Bu esa ko‘pincha respublika budjetida ko‘zda tutilgan mablag‘dan oshib ketadi.
O‘zbekiston hukumati mulozimi bu borada xalqaro moliyalashtirishni osonlashtiradigan mustahkam mexanizm va innovatsion hamkorlik katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, uzoq muddatli ekologik foyda keltiradigan loyihalar uchun grantlarni ko‘paytirish, yashil obligatsiyalarni kengaytirish, mablag‘lardan foydalanish, ariza berish va tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirishni taklif qilgan.
Abduhakimov qaydicha, “O‘zbekiston xalqaro moliyalashtirishni samarali boshqarish borasidagi salohiyatini allaqachon namoyon etgan. Bunga xalqaro moliya instituti bilan hamkorlik natijasida Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilib, degradatsiyaga uchragan yerlar insonlar va tabiat uchun foydali ekotizimlarga aylantirilgani misoldir”.
Ozodlik joriy yil 24-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar qilgan edi.
Hujjatga muvofiq, atrof-muhitni muhofaza etish choralarini kuchaytirish doirasida mas’ullarga kelgusi besh yil ichida Toshkent shahri va viloyatida 441 gektar “yashil belbog‘”, “yashil bog‘lar” tashkil qilish majburiyati yuklangan.