AQSH prezidenti Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik harbiy yordam berilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasiga imzo chekkan. Bu haqda Jo Bayden 24-aprel kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Bugun dunyo uchun ajoyib kun. Bu Amerikaning hamkorlari o‘z suverenitetlariga qarshi xavf-xatarlar bilan kurasha olishlari uchun ularga berilgan hayotiy jihatdan zaruriy dastakdir”, degan Bayden.
Oq uy vakillari Ukrainaga qurol-aslahaning birinchi partiyasini yetkazish zudlik bilan, shu haftaning o‘zida boshlanishini bildirishgan. Harbiy yordamning qiymati qariyb bir milliard dollarga teng bo‘lgan ilk paketiga havoga qarshi mudofaa tizimlari, artilleriya, raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar va zirhli texnika kiradi.
Ukraina va AQSHning ittifoqchilari sanalgan boshqa mamlakatlarga ko‘lamli harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhokamalar Qo‘shma Shtatlar hukumatida salkam yarim yildan buyon davom etib kelayotgan edi. 21-aprel kuni qonun loyihasi AQSH Kongressining quyi palatasi tomonidan ma’qullangan, 24-aprel kuni esa hujjat Senat tomonidan tasdiqlangan.
Qonun loyihasi doirasida yordamning 60 milliard 800 million dollari Ukrainaga, 26,4 milliardi Isroilga va G‘azo aholisiga insonparvarlik yordamiga, 8,1 milliardi esa Tayvan va AQSHning Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilariga ajratilmoqda. Konservativ respublikachilarga yon berish o‘laroq yordam paketining 10 milliard dollari Ukrainaga kredit shaklida ajratilgan, biroq bu qarzdan ham 2026-yilda prezidentning maxsus qarori bilan kechib yuborilishi mumkin.