Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish 5-fevral kuni AQSH prezidenti Donald Trampga bilvosita murojaat qilarkan, G‘azo sektorida etnik tozalashlardan saqlanish zarurati haqida gapirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.
Mazkur ogohlantirish Tramp falastinliklarga bir kun avval qilgan taklifiga javob bo‘ldi. Prezident AQSH G‘azo sektori ustidan nazoratni o‘z zimmasiga olib, uni tiklash va qayta qurish bilan shug‘ullana boshlash uchun falastinliklarni boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishga chaqirgandi. Tramp oldinroq bir necha bor butun binolari vayron bo‘lgan G‘azoda kimdir yashashni istashini tasavvur ham qilolmasligi haqida gapirgan.
Trampning bu taklifi ko‘plab mamlakatlardagi siyosiy va diplomatik doiralar tomonidan salbiy qarshi olingan.
BMT bosh kotibi: “Muammoni hal qilish yo‘llarini qidirishda biz uni yanada kuchaytirib yubormasligimiz lozim. Bu yerda xalqaro huquq asoslariga sodiq qolish o‘ta muhim. Bu yerda etnik tozalashlarning har qanaqa shaklidan saqlanish o‘ta muhim”, degan Guterrish BMT qo‘mitalaridan birida o‘tkazilgan majlisda.
BMT bosh kotibiga ko‘ra, ikki davlat g‘oyasi yuzasidan pozitsiyalar tasdiqlanishi zarur. Falastin xalqining daxlsiz huquqlarini amalga oshirish qo‘mitasi oldida qilgan chiqishi chog‘ida Guterrish Tramp ismini yoki uning G‘azo sektori bo‘yicha taklifini eslatgan emas. Biroq, Reuters agentligi qaydicha, uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik avvalroq jurnalistlarga BMT bosh kotibining mulohazalarini Trampga javob sifatida ko‘rilishi adolatli faraz ekanini ma’lum qilgan edi.
Chorshanba kuni Guterrish Iordaniya qiroli Abdulloh bilan mintaqadagi vaziyat haqida so‘zlashdi, degan Dyujarrik.
Falastin ma’muriyati tomonidan BMTdagi maxsus vakil etib tayinlangan Riyoz Mansur qo‘mitaga qirol Abdulloh keyingi haftada Vashingtonga tashrifi chog‘ida Trampga arab davlatlarining muvofiqlashtirilgan mujdasini yetkazishini ma’lum qilgan.
“Bizning Falastindan boshqa o‘lkamiz yo‘q. G‘azo uning qimmatli qismidir. Biz G‘azoni tark etmoqchi emasmiz”, degan Mansur.